Toshkent viloyatida yo‘l talashgan haydovchilar o‘rtasida mushtlashuv yuz berdi
2021 yilning 22 mart kuni soat 13:00larda 24 yoshli Zohidjon G‘. o‘z boshqaruvida bo‘lgan “Matiz” rusumli avtomashinasida Toshkent viloyati Parkent tumani Qayilma hududidan o‘tuvchi Parkent-Yangibozor chorrahasida “Spark” rusumli avtomashinada harakatlanib kelayotgan 26 yoshli Tohirjon G‘.ning yo‘lini to‘sgan va avtomashinadan tushib, uni hech bir sababsiz urib do‘pposlagan.
IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, sud-tibbiy ekspertiza xulosasida Tohirjon G‘. yengil turdagi tan jarohatlari olgani ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Parkent tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Zohidjon G‘.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 1-qismi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari davomida, Zohidjon G‘. Tohirjon G‘. bilan taksi yo‘nalishida yo‘l talashganliklari natijasida ushbu jinoyat kelib chiqqani aniqlangan.
Hozirda tergov davom etmoqda, deyiladi ma'lumotda.