O‘zbekiston | 12:06 / 06.05.2021
10586
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda qariyb 300 tup kannabis yetishtirayotgan shaxs ushlandi

Foto: Tergov departamenti

Jizzax viloyati Zarbdor tumanida qariyb 300 tup kannabis yetishtirayotgan shaxs ushlangan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 3 may kuni Zarbdor tumani IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilayotgan «Qoradori—2021» tadbirida shu tumanning Nurobod mahallasida yashovchi 66 yoshli N.Haydar o‘z hovlisidagi 32 m2 maydonda jami 291 tup kannabis o‘simligini yetishtirayotgani aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.  

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Zarbdor tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan N.Haydarga nisbatan Jinoyat kodeksining 270-moddasi 2-qismi «a» bandi (taqiqlangan ekinlarni yetishtirish, ilgari giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishdan iborat jinoyatni sodir etgan shaxs tomonidan) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda ushlangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma'lumot uchun, Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga ko‘ra, bu turdagi jinoyatlar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Mavzuga oid