Andijon viloyatida suyultirilgan gaz yetkazib berishda muammolar bo‘lmaydi
“Hududgaz Andijon” gaz ta'minoti filiali tomonidan “Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik va bu borada amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
2021-2022 yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlariga “Hududgaz Andijon” gaz ta'minoti filiali tomonidan barvaqt kirishilib, kuz-qish mavsumiga har tomonlama puxta hozirlik ko‘rilmoqda. Tayyorgarlik yuzasidan belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi nazoratga olingan. Bunda, ayniqsa, aholini tabiiy hamda suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda.
“Hududgaz Andijon” gaz ta'minoti filiali tomonidan viloyat bo‘yicha 425 mingga yaqin iste'molchiga 575 ming donadan ziyod maishiy gaz balloni orqali suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda. Barcha iste'molchilarga 4 ta gaz to‘ldirish stansiyasi va shoxobchalari orqali suyultirilgan gaz yetkazib berish yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu gaz to‘ldirish shoxobchalarining oylik gaz to‘ldirish quvvati 4860 tonna va gaz saqlash quvvati 457 tonnani tashkil etadi. Bir vaqtning o‘zida 28 ta maxsus gaz tashish avtotransportlariga xizmat qilish imkoniyatiga ega.
Suyultirilgan gaz ballonlari onlayn nazorat tizimiga o‘tkazish ishlari ham Andijon viloyatida jadallik bilan olib borilmoqda. Shu kunga qadar 500 mingdan ortiq maishiy gaz ballonlariga shtrix kodli stikerlar o‘rnatildi va barcha iste'molchilar ID kartalar bilan ta'minlandi.