Jahon | 12:11 / 09.06.2021
8978
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda 20 dollarlik tilla tanga 19,5 million dollarga sotildi

AQShning «Qo‘sh burgut» nomli 20 dollarlik oltin tangasi Nyu-Yorkdagi Sotheby’s kimoshdi savdosida rekord narxga – 19,5 mln dollarga sotildi. Ushbu tanga AQShda muomalaga kiritishga ruxsat berilgan oxirgi oltin pul birligi hisoblanadi.

Tanganing old tomonida Ozodlik ma'budasi, orqa tomonida esa AQShning milliy ramzi hisoblangan oqbosh burgut tasvirlangan. Ushbu tanga 1933 yilda chiqarilgan va hech qachon muomalada bo‘lmagan. AQSh prezident Franklin Delano Ruzvelt davrida oltin standartdan voz kechgan. Bungacha tayyorlab qo‘yilgan tilla tangalar eritib yuborilgan, biroq ulardan bir nechta saqlanib qolgan.

2002 yildan beri tangaga amerikalik poyabzal dizayneri Styuart Vaytsman egalik qilib kelgan. U tangani 7,6 mln dollarga sotib olgan. Tanganing yangi xaridori ismi noma'lum.

Shuningdek, auksionda Vaytsmanga tegishli dunyodagi eng qimmatbaho pochta markasi «Britan Gvianasi» 8,3 mln dollarga sotildi. Dizayner 1856 yilda chiqarilgan markani 2014 yilda rekord narxga – 9,5 mln dollarga sotib olgan. Markaning yangi egasi markalar sotish bo‘yicha dunyodagi eng qadimgi dilerlik kompaniyasi Stanley Gibbons bo‘ldi.   

Vaytsman tilla tangani va noyob markani sotishdan tushgan mablag‘ni o‘zining xayriya loyihalariga yo‘naltirishini aytgan.

Mavzuga oid