O‘zbekiston | 15:54 / 09.06.2021
33315
3 daqiqa o‘qiladi

Surxon davlat qo‘riqxonasida noyob hayvonlar «fotoqopqon» nishoniga tushdi - fotolar

Surxon davlat qo‘riqxonasida o‘rnatilgan «fotoqopqon» kaklik, morxo‘r va uning uloqchalarini suratga olgan. Jumladan, morxo‘r sut emizuvchilarning butunlay yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan kenja turi hisoblanadi.

Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, morxo‘r yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida qolgan, «Qizil kitob»ga kiritilgan noyob hayvon hisoblanadi. U asosan Surxondaryoning Ko‘hitang, Boysuntog‘, Bobotog‘ tog‘ tizmalarida tarqalgan. 1950–1970 yillarda ko‘p ovlanishi natijasida keskin kamayib ketgan.

Keyingi yillarda Surxon davlat qo‘riqxonasida olib borilgan muhofaza choralari tufayli morxo‘rlarning soni asta-sekin ko‘payib bormoqda. Chunonchi, qo‘riqxona xodimlari tomonidan joriy yilda o‘tkazilgan sanoqda morxo‘rlar soni 600tadan oshiqligi aniqlangan.

Surxon davlat qo‘riqxonasi birinchi toifadagi muhofaza etiladigan tabiiy hudud hisoblanadi. Qo‘riqxona 1986 yilda yo‘qolib ketayotgan turlarni saqlab qolish, ko‘paytirish, tabiatga antropogen ta’sirni kamaytirish maqsadida tashkil etilgan.

Bugungi kunda qo‘riqxona hududi 23 ming 802 gektarni tashkil etadi. Qo‘riqxona Ko‘hitang tog‘ining sharqiy yonbag‘irlarida joylashgan bo‘lib, hududi Surxondaryo viloyatining Sherobod tumaniga qaraydi. G‘arbiy qismi Turkmaniston chegarasi bilan tutashib ketgan.

Qo‘riqxonaning 12 ming 240 gektar maydoni o‘rmon bilan qoplangan. Uning eng yuqori nuqtasi dengiz sathidan 3137 metr balandlikdagi Ayribobo cho‘qqisi hisoblanadi.

Qo‘riqxonada hozirgacha umurtqali hayvonlardan — 26 turdagi sut emizuvchilar; 136 tur qushlar;  23 tur sudralib yuruvchilar; 2 tur ham suvda, ham quruqlikda yashovchi; 5 tur baliqlar yashashi aniqlangan. Shulardan 18 tur hayvonlar O‘zbekiston Respublikasi «Qizil kitob»iga kiritilgan. Shuningdek, qo‘riqxona hududidagi 41 turdagi o‘simlik ham «Qizil kitob»dan joy olgan.

Qo‘riqxonadagi muhofazaga olingan hayvonlardan 8 tur Xalqaro TMQI «Qizil kitob»iga kiritilgan. Morxo‘r yoki burama shoxli echki, Buxoro tog‘ qo‘yi noyob turdagi, muhim ahamiyatga ega bo‘lgan hayvonlar hisoblanadi.

Surxon davlat qo‘riqxonasi hududining chegarasida neolit davri odamlarining qoyalarda ov manzaralari tasvirlangan Zarautsoy darasi mavjud. Ushbu petrogliflarda qadimgi odamlarning hayvonlarini ovlash manzaralari tasvirlangan bo‘lib, uning yoshi 15-20 ming yilga teng.

Sirojiddin Mamajonov tayyorladi.

Mavzuga oid