Yer kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi e'lon qilindi
“Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.
Loyiha yer uchastkalarini jismoniy va yuridik shaxslarga ajratish va ulardan foydalanish tartibini takomillashtirish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan Qonunchilik palatasi, Bosh prokuratura, Oliy sud, Kadastr agentligi, Qishloq xo‘jaligi va Qurilish vazirliklari bilan hamkorlikda ishlab chiqildi.
Hujjatda aytilishicha, yer munosabatlarini tartibga soluvchi qoidalar qonunosti hujjatlari bilan tarqoq holda tartibga solinmoqda. Bu huquqni qo‘llashda turlicha talqin qilish va murakkabliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.
“Amaldagi qonunchilikda MChJ, AJ, XK kabi tashkiliy-huquqiy shaklda tashkil etilgan tadbirkorlik sub'yektlariga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ajratishning aniq tartibi mavjud emas. Mazkur holatlar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan hamda tadbirkorlik va shaharsozlik maqsadlari uchun yer uchastkalarini ajratishning shaffof mexanizmini joriy etish hamda yer qonunchiligi ustidan nazoratni kuchaytirishni, shuningdek yer uchastkalarini noqonuniy egallab olishning oldini olishni taqozo etmoqda”, deyiladi loyihada.
Loyiha asosiy tushunchalar aks ettirilgan alohida modda bilan to‘ldirilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimlari (davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini ajratishdan tashqari), tumanlar va shaharlar hokimlarining yer uchastkalarini ajratish, biriktirib yoki boshqacha yo‘l bilan berish bo‘yicha qarorlar, farmoyishlar yoki boshqa turdagi hujjat qabul qilish kabi vakolatlari bekor qilinmoqda.
Yer ajratishdagi huquq turlari 6tadan 3taga qisqartirilmoqda. Yerga nisbatan 3 turdagi mulkchilik shakli: mulk, ijara, doimiy foydalanish huquqlari saqlab qolinmoqda. Meros qilinadigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqlari bekor qilinmoqda. Yuridik shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan doimiy egalik qilish, muddatli (vaqtincha) foydalanish, shuningdek jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish huquqlari chiqarib tashlanmoqda.
Yer uchastkasini shartnoma asosida ijaraga berish uchun asos bo‘luvchi holatlar va ijaraga berish muddatlari aniq belgilab berilmoqda.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkasi o‘zboshimchalik bilan egallangan va unda noqonuniy qurilgan imoratlar arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalariga muvofiq kelgan taqdirda, ushbu yer uchastkasining bozor qiymati ikki karra oshirilgan miqdorda to‘langan holda, mazkur yer uchastkasiga bo‘lgan huquq belgilangan tartibda rasmiylashtirib berilishi mumkinligi to‘g‘risidagi qoida kiritilmoqda.
Quyidagi hollarda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini Vazirlar Mahkamasi qarori bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratishga ruxsat berilmoqda:
yer uchastkasi normativ qiymatining ikki baravari miqdoridagi pul mablag‘i depozitga qo‘yilganda qishloq xo‘jaligi klasterlariga ijaraga berishda;
qiymati 10 million AQSh dollari ekvivalentidan yuqori bo‘lgan yirik investitsiya loyihasini taklif etgan jismoniy va yuridik shaxslarga, shu jumladan xorijiy investorlarga, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida 500 ming AQSh dollari ekvivalentidagi, tadbirkorlik va shaharsozlik yo‘nalishida esa 1 million AQSh dollari ekvivalentidagi mablag‘ avvaldan maxsus hisob raqamga joylashtirilganda.
Yer uchastkalarini ajratish va ulardan oqilona foydalanish ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini o‘rnatishning yangi mexanizmi joriy etilmoqda.
Jumladan, bo‘sh turgan yer uchastkalarini ajratish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi va uning hududiy bo‘linmalari, prokuratura organlari, adliya organlari va hokimliklar tomonidan amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, fuqarolar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi.
Jamoatchilik nazorati sub'yektlari yangi aniqlangan holatlar bo‘yicha xabar berganlik uchun belgilangan tartibda rag‘batlantirib borilishi tartibi joriy etilmoqda.
Mavzuga oid
18:23 / 26.08.2024
Qiynoq oqibatidagi o‘lim holatlari uchun javobgarlik kuchaytiriladi
11:49 / 20.06.2024
Mahalliy kengashlarga deputatlar orasidan saylanadigan rais boshchilik qilishini nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi
13:23 / 09.04.2024
Deputatlar o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga oid qonunni qabul qildi
15:29 / 27.02.2024