Jahon | 21:06 / 13.06.2021
56231
9 daqiqa o‘qiladi

«Samolyotni biz urdik» – MH17 halokati bo‘yicha yangi audiolar taqdim etildi

2014 yil 17 iyul kuni insoniyat uchun ayanchli voqea sodir bo‘lgandi. Malaysia Airlanes aviakompaniyasiga tegishli Boeing MH17 samolyoti Amsterdamdan Kuala-Lumpurga uchayotganda Donetsk osmonida urib tushiriladi. Oqibatda samolyot bortida bo‘lgan 298 yo‘lovchining barchasi halok bo‘ladi. Siyosiy o‘yinlar sabab 300ga yaqin odam o‘lib ketdi, lekin bu teraktni amalga oshirganlar hamon topilgani yo‘q, yuzlab oilalarni aza tutishga mahkum qilib tepkini bosganlar 7 yildan buyon jazo olmayapti.

Niderlandiyada o‘tgan bu ish borasidagi navbatdagi sud majlisida yangi dalillar paydo bo‘ldi. Sudda Rossiya nazoratidagi Donetsk harbiylarining telefon suhbatlari eshittirilgan. Ular «Buk» zenit-raketa kompleksi orqali samolyotning urib tushirilishini muhokama qilishgan.

Sud zalida jarayon boshlanishi bilan oldinroq e'lon qilib bo‘lingan telefon suhbati eshittirildi. Bu suhbat uchoq urib tushirilganidan yarim soat o‘tib yozilgan. Unda Donetsk razvedka boshqarmasi maxsus rota komandiri Leonid Xarchenko tan olinmagan Donetsk respublikasi razvedka boshqarmasi rahbari Sergey Dubinskiyga hisobot bergani aks etgan.

Telefon suhbatida Xarchenko ekani aytilayotgan odam shunday hisobot bergan: «Biz [belgilangan] joydamiz, bitta «sushka»ni («Su-25» qiruvchi samolyoti nazarda tutilgan) urib tushirishdi. Yashavor, yashavor, bitta «sushka»ni urib tushirishdi».

Niderlandiyada o‘tayotgan uzoq muddatli sudda Xarchenko va Dubinskiylar ayblanuvchi sifatida qayd etiladi. Prokuratura ularni samolyotni urib tushirishda emas, terakt sodir etilgan «Buk» zenit-raketa kompleksini belgilangan joyga olib kelishda bosh-qosh bo‘lganlikda ayblaydi. Telefon suhbatlari tahliliga ko‘ra, Xarchenko yuqoridagi telefon suhbati vaqtida Snejniy tumanida (Donetsk hududida), Dubinskiy esa Donetskning o‘zida bo‘lgan. Boeing urib tushirilgan vaqtda Xarchenko bilan doim yonma-yon bo‘lgan odamning telefoni esa teraktdan biroz oldin Birinchi may tumani hududidagi minora orqali aloqaga chiqqan. Surishtiruvlarga ko‘ra samolyotni urib tushirgan raketa aynan o‘sha hududdan uchirilgan.

Soat 17:42da shartli ismi «Botsman» bo‘lgan odam Dubinskiyga telefon qiladi va ular o‘rtasida quyidagi suhbat bo‘lib o‘tadi:

«Botsman»: Mana bu yerda samolyot urib tushirildi. Men quti oldidaman (qora quti), kerak bo‘lsa senga yuboray, keyin o‘zing yuborasan.

Dubinskiy: Biz kimnidir urib tushirdik.

«Botsman»: Nimalar deyapsan?

Dubinskiy: Men ikki soatdan keyin shaharda bo‘laman, hozir Marinovkadaman. Biz samolyot urib tushirdik, «sushka»ni. Aynan Saur-Mogila tomonda. «Buk-M» olgandik-ku axir, shunga.

Oldinroq e'lon qilingan audioda ham ovozi Dubinskiyga tegishli deb aytilayotgan odam «Buk»ni qo‘lga kiritgani va uni Donetskga olib kelish haqida ko‘p gapirgan. Shuningdek, Donetsk bosh razvedkachisi Xarchenkoning yana bir telefon suhbati tarqaldi. Unda Xarchenko bevosita Dubinskiyning rahbarligi ostida ishlagan Rossiya armiyasida xizmat qilgan sobiq harbiy razvedkachi Oleg Pulatov bilan gaplashgan.

Pulatov: Vaqting bo‘lsa, bu yerga shoshil, qulagan uchuvchini olib ketishdi. Nima bo‘lganini aniqlashtirish kerak. Hisobotda aytishicha, bu uchuvchi haligi... Sen asosiysini aytchi, bu bizning «Buk»midi?

Xarchenko: Hammasi joyida, u boshqa joyga ketdi.

Pulatov: Yaxshi. Ana u «sushka» Xitoy yo‘lovchi samolyotini urdi.

Xarchenko: Yo‘q, yo‘q, yo‘q. Biz «sushka»ga qarab ishladik.

Pulatov: Uni tushundim. Lekin «sushka» ungacha xitoylikni deyarli urib bo‘lgandi. Aynan o‘sha vaqtda biz «sushka»ni olib ketdik. Endi butun dunyoda shovqin solinadi.

Xarchenko: Tushundim.

Pulatov: U yerda hammasi yaxshi. Yoningga ikki odam olib, mening oldimga uchib kel, keyin nima qilishni aytaman.

Xarchenko: Yaxshi.

Bu suhbatda aytilayotgan Xitoy samolyoti haqidagi ma'lumot nimaga asoslangani noma'lum. Boeing MH17 urib tushirilganidan buyon bu holatni tergov qilayotgan xalqaro guruhning aniqlik kiritishicha, 2014 yil 17 iyul kuni Ukraina osmonida faqat Malaysia Airlanes'ga qarashli yo‘lovchi samolyoti urib tushirilgan. Biroq Xarchenko va Pulatov o‘zaro suhbatda Donetsk nazoratida bo‘lib turgan «Buk» yordamida oldinroq yo‘lovchi samolyotini urib tushirgan Ukrainaning Su-25 qiruvchi samolyotini urib tushirishgani haqida gapirishgan. Keyinchalik Dubinskiyga tegishli ekani aytilayotgan ovozli odam ushbu mazmundagi hisobotni o‘sha vaqtdagi tan olinmagan Donetsk xalq respublikasi mudofaa vaziri Igor Strelkovga yetkazadi.

Dubinskiy: Snejniydan kuzatishdi, biznikilar ham kuzatishdi. Xulosa shunday: «sushka» yo‘lovchi samolyotini urgan, biz esa «Buk»da «sushka»ni urdik. Buni ko‘pchilik ko‘rgan. Gyurza (Pulatovning laqabi) hozirgina hisobot berdi.

Strelkov: Tushunarli.

Dubinskiy: [takrorlayman] «sushka» yo‘lovchi samolyotni, biz «Buk» bilan «sushka»ni urdik.

Strelkov: Tushunarli.

Dubinskiy: Yaxshi yangilikmi?

Strelkov: Bilmadim, to‘g‘risi, bunaqa deb o‘ylamayapman.

Xalqaro tergov guruhi bu variantni ham o‘rganmoqda. Ular Donetsk osmonida qulagan samolyotga yetkazilgan zarar qanday turdagi samolyot raketasi bilan yetkazilishi mumkinligini tahlil qilishgan. Xulosaga ko‘ra, bunday zarar faqat R-33, R-37 yoki R-40 tipidagi raketalar bilan yetkazilishi mumkin. Bunday raketalarni o‘zida olib uchadigan va ular bilan zarba bera oladigan qiruvchi samolyot esa faqat MiG-31. Bunday qiruvchi samolyot Ukraina armiyasida mavjud emas. Shuningdek, Ukraina tergovga 2014 yil 17 iyul kuni osmonga ko‘tarilgan harbiy uchuvchilari ro‘yxatini taqdim etgan. Ularning birortasi Ukraina janubi-g‘arbidagi konflikt hududida uchmagan.

Tan olinmagan Donetsk xalq respublikasi vakillari esa o‘zlariga qo‘yilgan ayblarni rad etayotgan bo‘lsa-da, o‘sha go‘yoki urib tushirilgan harbiy samolyotning na qoldiqlarini va na qora qutisini taqdim etishgan. Tergovda o‘sha hududda mavjud bo‘lgan fuqarolik radarlarini ham tekshirishgan va ularda ham Boeing MH17 samolyotining atrofida hech qanday Ukraina qiruvchi samolyoti ko‘rinmagan.

2014 yil 17 iyul kuni soat 21:00lar atrofida bo‘lgan suhbat audiosi ham tarqaldi. Unda Strelkov, Dubinskiy, Pulatov va Xarchenko qandaydir qutini tuman chegarasiga olib borishni muhokama qilgan. Tergov xulosasiga ko‘ra, ular samolyotni urib tushirgan «Buk» zenit-raketa kompleksini 17 iyuldan 18 iyulga o‘tar kechasi Rossiya chegarasiga olib borishni muhokama qilishgan. Tergovchilar telefon suhbatlari billingi, raketa kompleksi transportirovkasida qatnashganlarning guvohligi va olingan videolardan shunday xulosaga keldiki, «Buk» Rossiya chegarasiga Snejnoye-Debalsevo-Seveniy marshruti bo‘ylab olib borilgan. 18 iyul kuni tongda ovozi Dubinskiyniki ekani aytilayotgan odam Strelkovniki ekani aytilayotgan odamga «mashina allaqachon Rossiyada ekani» haqida hisobot bergan.

Sud taqdim etilgan materiallar bo‘yicha o‘z xulosasini hujjatlarni o‘rganish ishlari tugagach ma'lum qiladi. 17-18 iyul kunlari yozib olingan telefon suhbatlari Ukraina xavfsizlik xizmati tomonidan yozib olingan va tergovga taqdim etilgan. Suhbatlarning asosiy ishtirokchilari bir necha marta bu ovozlar o‘ziniki ekanini tasdiqlagan. Dubinskiy ba'zi gaplar soxtalashtirilganini aytgan bo‘lsa, Pulatov telefoni eshitilayotganini bilgan holda dushmanni chalg‘itish uchun shunday gaplarni aytganini ta'kidlagan.

Niderlandiya oxirgi tarqalgan suhbatlar mantiqan bir birini rad etmasligi, aksincha to‘ldirishini ma'lum qilgan. Ular aytayotgan voqea esa 2014 yil 16-18 iyul kunlari guvohlar tomonidan olingan foto, videolar, telefon suhbatlari billingi va ko‘plab guvohlarning ko‘rsatmalari bilan tasdiqlangan.

Mavzuga oid