O‘zbekiston | 07:59 / 13.07.2021
38880
9 daqiqa o‘qiladi

“Qanotli” so‘zlari bilan mashhurlikka erishgan mansabdorlar

Ruslarda “krilataya fraza” degan tushuncha bor. Odatda noodatiy, qiziqarli jumlalarga nisbatan qo‘llaniladi va ularning mualliflari aynan shu gaplari bilan xalq orasida mashhur bo‘lib ketishadi. OAVda ham, ijtimoiy tarmoqlarda ham bunday insonlarning o‘rni beqiyos – nafaqat ularning o‘zlari, balki gaplari ham rosa muhokama qilinadi.

“Biz ko‘p go‘sht yeyapmiz” — Alberto Garson, Ispaniya

Qarang, bizdan ham ko‘chirisharkan. Kimdanligini darhol angladingiz. Ispaniya iste'mol vaziri Alberto Garson aholiga go‘shtdan voz kechishni taklif qilgan.

“Biz ko‘p go‘sht yeyapmiz. Go‘shtni ko‘p yeyish nafaqat sog‘liqqa, balki atrof-muhitga ham zararlidir”,degan u. Bu jumlalarni o‘qib, nimadir yodingizga tushgan bo‘lsa ajab emas. Keling, hammasini tartib bilan boshlaymiz va bu mavzuga yana to‘xtalamiz.

So‘z erkinligi tufayli, internetning quloch yozishi ortidan O‘zbekistonda ham bunday mansabdorlar safi kengayib bormoqda. Quyida ana shunday rahbarlar haqida so‘z yuritamiz.

Aktam Hayitov, O‘zLiDeP lideri — “Biz ko‘p go‘sht yeyapmiz”

Aktam Hayitov

“Go‘sht narxi nega qimmatlab ketyapti deb o‘ylaysizlar? To‘g‘ri, ozuqa yetishmasligi birinchi sabab, ikkinchidan, bugun biz juda ko‘p go‘sht iste'mol qilyapmiz. Shunchalik ko‘p go‘sht yemoqdamizki, buning natijasida ko‘pgina kasalliklar paydo bo‘lyapti...”degan edi jurnalistlar bilan uchrashuv vaqtida yana bir siyosiy partiya yetakchisi Aktam Hayitov.

U Kun.uz'ga bergan intervyusida: “Bu gapimiz rosa muhokama qilinganini kuzatdik, albatta. Lekin boshqacha talqin qilinganini ham aytishim lozim. Gap go‘sht yildan yilga ko‘proq iste'mol qilinayotgani to‘g‘risida borgandi...” deya izoh bergandi. Lekin Aktam Hayitov bu so‘zlarni Alberto Garsondan ancha oldin aytgan va bemalol mualliflik huquqi bo‘yicha tortishishi mumkin.

Ulug‘bek Inoyatov, XDP lideri — “2,5 mln so‘m 5 kishilik oilani 1 oy boqishga yetadi”

Ulug‘bek Inoyatov

“Besh nafar farzandi bor va bitta oylik maoshi bilan yashayotgan bo‘lsa, 2,5 million oylik olsa, bemalol [yetadi] uyidagi besh nafar farzandi bilan... Buni iqtisodchilar hisoblab chiqqan”, – bu Ulug‘bek Inoyatovning so‘zlari.

Sobiq xalq ta'limi vaziri keyinchalik bu so‘zlari bilan faqat oziq-ovqat xaridini nazarda tutayotganini bildirgan.

Erkinjon Turdimov, Samarqand viloyati hokimi — “Oqsoch ayollarga talab ortib bormoqda, xotin-qizlarni shu kasbga o‘rgatishimiz kerak”

Erkinjon Turdimov

“Bugungi kunda xorijda ham, o‘zimizda ham uy ishlarini qiluvchi oqsochlik kasbiga talab ortib bormoqda. Samarqand viloyatidan ham juda ko‘pchilik ayollar chet davlatlarda, xususan Turkiyada uy ishlarini bajarishadi. Ammo bunday ayollarni tayyorlaydigan markazlar yo‘q. Ana shunday markazlarni ochishni taklif qilaman...” – bu Samarqand viloyati hokimining davlat rahbari ishtirokidagi selektorda aytgan gaplari.

Keyinchalik Erkinjon Turdimov o‘z so‘zlariga “Bu sohada tartib o‘rnatish, uy xizmatchilarining huquqini himoya qilish millatimizning sha'nini tushirmaydi, aksincha yuksaltiradi. Ularni o‘qitadigan markazlarni ochishning yomon tomoni yo‘q”, – deya izoh bergan.

Shuhrat G‘aniyev, Farg‘ona viloyatining sobiq hokimi, ayni paytda bosh vazir o‘rinbosari — so‘kilgan toshloqliklar, ro‘mol va salla mavzusi, blogerga o‘qiladigan janoza

Shuhrat G‘aniyev

Hamisha diqqat markazida yurish bo‘yicha o‘ziga xos lider, qattiqqo‘l, lekin og‘zi tizginsiz rahbar. Shuhrat G‘aniyev Farg‘ona viloyatiga hokimligida ijtimoiy tarmoqlarning doimiy qahramoni edi.

Toshloqliklarni yoppasiga haqoratlagan, poytaxtdan borgan amaldorlarning ichak-chavoqlarini boshlariga salla qilib qo‘yish bilan tahdid qilgan, Rishtonda minglab odamlarni hasharga majburlagan va eng ta'sirlisi – ro‘mol o‘raganlarga chora ko‘rishini aytgan Shuhrat G‘aniyev o‘zini Farg‘onaning yakkahokimi deb bilardi.

Ammo ko‘tarilib, bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlanganidan keyin ancha bosilib qoldi, chamasi.

Erali Bozorov, IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari — pul to‘lamay tonirovka qilganlar haqida

Erali Bozorov / Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

“Biz bilmaymiz-ku, oynasini ruxsatnoma olmasdan qoraytirib olgan haydovchi qayerda nima ish qilib yuribdi. Ko‘pchilikning maqsadi boshqa bo‘lishi mumkin”, – bu Yo‘l harakati Bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Erali Bozorovning so‘zlari.

Erali Bozorov tizim maqsadi oynalarni qonunga xilof ravishda qoraytirishning oldini olish ekanini bildirgan. Lekin bepul tonirovka qilib yurganlar potensial jinoyatchilar bo‘lishlari mumkinligini pisanda qilgan IIV vakili pul to‘lab tonirovka qildirganlar qanday qilib ezgu maqsadlarga ergasha boshlashlarini tushuntirmagan.

Jahongir Ortiqxo‘jayev, poytaxt hokimi — “Lyubaya biznes xorosha”

Jahongir Ortiqxo‘jayev

O‘zi ham asli biznes vakili bo‘lgan Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev intervyusida aytgan “Lyubaya biznes xorosha” jumlasi juda keng tarqalib ketdi. Odamlar pul topish yo‘lidagi harakatlarini shu so‘zlar bilan ifodalay boshlashdi.

Qizig‘i, hokimning bu so‘zlaridan ilhomlangan shovvozlar rasman “LYUBAYA BIZNES XOROSHA” nomli mas'uliyati cheklangan jamiyatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay bu firma mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani hamma bizneslar ham yaxshi bo‘lavermasligini ko‘rsatib qo‘ydi.

Obid Hakimov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori — “Bir kunda 5600 so‘m ishlab topgan odam kambag‘al emas”

Obid Hakimov

Prezident Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimovning Kun.uz'ga bergan intervyusidagi “xalqaro tashkilotlar hisob-kitoblariga asoslansak, O‘zbekistonda 5600 so‘m mablag‘ ishlab topgan odam kambag‘al emas” degan jumlasi tarqalish jihatdan yuqoridagilarning hammasini ortda qoldirdi, desak mubolag‘a bo‘lmas.

Keyinchalik iqtisodchi bunday deyishi sababi haqida qo‘shimcha izohlar, intervyular berdi, hatto alohida matbuot anjumani ham o‘tkazdi. Ammo baribir o‘sha “5600 puli bor odam kambag‘al emas” degan jumla hanuz qanot qoqib yuradi.

Buning ijobiy jihati – odamlar O‘zbekistonda mana shunday institut faoliyat yuritishi va uning shunday rahbari borligini bilib oldilar.

Bunday mashhur jumlalar mualliflarini o‘z ishiga noloyiq rahbar deb bo‘lmaydi. Shunchaki, ular o‘z so‘zlari qanday aks-sado berishini, bu qadar “mashhurlik” qozonishini oldindan bilmaganlar.

Shu o‘rinda, jahon siyosatchilari orasida ham qanotli jumlalar mualliflari ko‘pligini ta'kidlash lozim.

Rossiya sobiq prezidenti va sobiq hukumat raisi Dmitriy Medvedev pensionerlarga qarata: “Pul yo‘q, sizlar esa bardam bo‘linglar”, degani shov-shuvga aylanib ketgan edi.

Isroilning sobiq bosh vaziri Golda Meyr: “Bizda atom bombasi yo‘q, lekin zarur bo‘lsa, biz atom bombamizdan foydalanamiz”, degani ham “qanotli jumla”ga aylanib ketgan.

Qirg‘iz yozuvchilar uyushmasi raisi, jamoat arbobi Abdurahmon Alimbayev to‘g‘ridan to‘g‘ri efirda shunday degandi: “Qirg‘iz qizlari boshqa millatlarga erga tegishyapti, qirg‘iz yigitlari esa boshqa millat qizlariga uylanishyapti. Bu xuddi urg‘ochi sherning shoqolga erga tegishiga yoki nar sherning urg‘ochi shoqolga uylanishiga o‘xshaydi”.

Abror Zohidov

Mavzuga oid