Jahon | 10:46 / 05.08.2021
4508
2 daqiqa o‘qiladi

Bayrutdagi portlash qurbonlari xotirasiga o‘tgan namoyishda 84 kishi jabrlandi

Bayrutda 2020 yil 4 avgustda yuz bergan vayronkor portlash qurbonlari xotirasiga o‘tgan namoyishda politsiya bilan to‘qnashuvlar yuz berdi. Buning oqibatida 84 kishi jabrlangan

Ma'lumotlarga ko‘ra, namoyish dastlab osoyishta o‘tgan. Odamlar halok bo‘lgan yaqinlarining fotosuratlarini qo‘llarida ushlab Bayrut ko‘chalari bo‘ylab yurib borishgan. Biroq kechga yaqin parlament va Moliya vazirligi binolari yonida namoyishchilarning politsiya bilan to‘qnashuvlari boshlangan. Odamlar portlash bo‘yicha olib borilgan tergovning natijalaridan norozilik bildirishgan.

Namoyishchilar politsiyachilarga toshlar uloqtirishgan, ular esa bunga javoban suvpurkagichlar qo‘llashgan. To‘qnashuvlar 3 soatga yaqin davom etgan.

Ichki xavfsizlik kuchlari boshqarmasida ta'kidlanishicha, namoyishchilar parlament binosini egallab olishga urinishgan.

Livan poytaxti Bayrut portida yuz bergan portlash 200 dan ko‘proq kishining hayotiga zomin bo‘lgan, minglab odamlar jabrlangan. Portlash 4 mingga yaqin binoning butkul yoki qisman vayron bo‘lishiga olib kelgan. 300 mingdan ko‘proq kishi boshpanasiz qolgan. Portlashdan ko‘rilgan zarar 15 mlrd dollarga baholangan.

Portlash shu qadar kuchli bo‘lganki, seysmik stansiya buni 3,3 magnitudali zilzila sifatida qayd etgan, uning ovozi 250 kilometr masofada, Kiprda ham eshitilgan.

Rasmiy versiyaga ko‘ra, portlashga portdagi omborlardan birida 2014 yildan beri saqlangan 2,7 ming tonnadan ko‘proq ammiak selitrasining payvandlash ishlari davomida alangalanishi sabab bo‘lgan.

Mavzuga oid