O‘zbekiston | 14:32 / 10.08.2021
2294
3 daqiqa o‘qiladi

1,1 milliard so‘mlik kuchli ta'sir qiluvchi dorilar fosh etildi

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tomonidan DXX va ichki ishlar idoralari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ko‘p bosqichli tezkor tadbir davomida yirik miqdordagi kuchli ta'sir qiluvchi moddalarni aylanma yo‘llar orqali O‘zbekiston hududiga olib kirib, so‘ngra ularni Toshkent shahrida pullashga uringan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi tomonidan Kun.uz’ga ma'lum qilindi.

Toshkent shahri Bektemir tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirning dastlabki bosqichida avvaldan kuzatuvga olingan fuqaro boshqaruvidagi «Mersedes bens sprinter» yuk avtotransporti belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi. Mazkur avtomashina yukxonasidagi bodring solingan qoplar ostida 9 ta qopda hamda yo‘lovchi o‘rindig‘i ostidagi 1 ta qopda jami 6076 ta flakonda umumiy qiymati 1 mlrd 93 mln 680 ming so‘m bo‘lgan «Tropikamid» tomchi dorilari yashirilgani aniqlandi.

Tezkor tadbir Bektemir tumanida davom ettirilib, mazkur dorilarni qabul qilib olishi lozim bo‘lgan shaxs ham qo‘lga olindi. Jinoiy guruhning qing‘ir rejasiga ko‘ra, mazkur dori vositalari keyinchalik shahar dorixonalari bo‘ylab tarqatilishi lozim edi.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasining tezkor xodimlari tomonidan poytaxtning Yangihayot tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida avvaldan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi Lasetti belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganda, mashina salonida 500 dona flakonda «Tropikamid» kuchli ta'sir etuvchi dori vositasi, 3 dona «Regapen» kapsulasi, 0,32 g gashish va 1 dona elektron tarozi borligi aniqlandi.

Tezkor tadbirning navbatdagi bosqichi Chilonzor tumanida davom ettirildi. Avvaldan kuzatuvga olingan 2 nafar shaxs Qatortol ko‘chasida boshqa bir shaxsga 503 dona kuchli ta'sir qiluvchi modda «Regapen» dori vositasini oldi-berdi qilayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.

Tezkor tadbirlar natijasida kelgusida fuqarolarning, ayniqsa yoshlarning salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan, qiymati salkam 1,1 mlrd so‘mlik kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid