O‘zbekiston | 08:51 / 13.08.2021
5204
3 daqiqa o‘qiladi

Mo‘ynoqdagi ommaviy mushtlashuvga kim aybdorligi ma'lum bo‘ldi

Bir necha kun oldin Mo‘ynoqda "Aral" o‘yingohida «Mo‘ynoq siti» va Milliy Gvardiyaning «Jayxun» jamoalari futbol bahsi ommaviy mushtlashuvga aylanib ketgandi.

Holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm va sport bosh boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, 10 avgust kuni Mo‘ynoq shahrining “Aral” futbol stadionida Futbol bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi XXVIII chempionatining 8-tur o‘yini bo‘lib o‘tgan. O‘yin davomida karantin qoidalariga zid bo‘lsa ham stadionga tomoshabinlar kirishiga yo‘l qo‘yilgan.

O‘yinning 88-daqiqasida “Mo‘ynoq Citi” jamoasi o‘yinchisi Salamat Mirzamuratov va “Jayxun” jamoasi o‘yinchisi Alpamis Erejyepov o‘rtasida o‘yin davomida qo‘pol harakat yuzasidan mushtlashuv kelib chiqqan. Ushbu voqeadan so‘ng tribunadagi futbol muxlislari maydonga chiqib ketgan va tartibsizlik boshlangan. Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari operativ ravishda janjalni to‘xtatib, ommaviy mushtlashuvning oldini olgan.

Voqea yuzasidan 11 avgust kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi binosida ichki ishlar, milliy gvardiya, Qoraqalpog‘iston Futbol assotsiatsiyasi va boshqa tegishli tashkilot xodimlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan. U yerda chempionatda ishtirok etayotgan futbolchilar  ogohlantirilgan.

12 avgust kuni esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston Futbol federatsiyasining birinchi vitse-prezidenti, Qoraqalpog‘iston Futbol federatsiyasining texnik direktori, Hakamlar va nazoratchilarni tayyorlash va musobaqalarni tashkil etish bo‘limi, Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat yuritayotgan futbol hakamlari, ekspertlar va tajribali futbolchilar ishtirokida holat muhokama qilingan.

O‘rganish natijasida ommaviy tartibsizlik kelib chiqishiga sabab hakamlaremas, balki ikki futbolchi o‘rtasidagi janjalning boshlanishi va janjal sababchisi “Mo‘ynoq Citi” jamoasi o‘yinchisi Salamat Mirzamuratov bo‘lgani aniqlangan.

Salamat Mirzamuratov Qoraqalpog‘iston hududida bo‘lib o‘tadigan har qanday futbolga (futzal, mini-futbol) aloqador uchrashuvlardan ikki yil muddatga chetlatilgan. Alpamis Erejyepov esa Qoraqalpog‘iston hududida bo‘lib o‘tadigan har qanday futbolga (futzal, mini-futbol) aloqador uchrashuvlardan bir yil muddatga chetlatildi, deyiladi rasmiy munosabatda.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Mo‘ynoq tumani hokimligi holat yuzasidan izoh bergandi. Shundan keyin IIV axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov mushtlashuvda ishtirok etganlarning harakatlariga huquqiy baho berish bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilayotanini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid