Jahon | 08:20 / 31.08.2021
18298
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Afg‘onistondagi umumiy yo‘qotishlarini ma'lum qildi

AQSh Afg‘onistondagi 20 yillik harbiy amaliyoti davomida 2 mingdan ko‘proq odamni yo‘qotdi. Shu davr ichida AQShning amaliyotga ketgan sarf-xarajatlari 820 mlrd dollardan ko‘proqni tashkil qilgan. Bu haqda AQSh qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) rahbari general Kennent Makkenzi ma'lum qildi.

Foto: PA

“Bu og‘ir missiya bo‘ldi, uning davomida 2461 nafar amerikalik harbiy va fuqaro halok bo‘ldi hamda 20 mingdan ko‘prog‘i yaralandi”, deb ma'lum qildi general.

Uning ta'kidlashicha, ushbu raqamlarga 26 avgust Kobul aeroportida sodir etilgan teraktda halok bo‘lgan 13 amerikalik harbiy ham kiritilgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Afg‘onistonda 2010 yildan 2012 yilgacha 100 mingdan ko‘proq amerikalik harbiy bo‘lganda AQSh ushbu missiyaga yiliga 100 mlrd dollardan sarflagan.

2016 yildan 2018 yilgacha esa ushbu xarajatlar yiliga 40 mlrd dollarni, 2019 yilda esa 38 mlrd dollarni tashkil qilgan.

AQSh Mudofaa vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakatning Afg‘onistondagi harbiy amaliyotga sarflagan mablag‘lari 2001 yil sentyabrdan 2019 yilgacha 778 mlrd dollarni tashkil qilgan.

AQSh o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistonga 2001 yil 11 sentyabrdagi teraktdan keyin kiritgandi. Avvalroq Vashington Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqishni yakunlaganini e'lon qildi.

Mavzuga oid