O‘zbekiston | 12:20 / 08.10.2021
3777
3 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda o‘tkazilgan futbol o‘yinida ommaviy janjal keltirib chiqarganlarga chora ko‘rildi

Foto: Videodan kadr

Joriy yil 4 oktabr kuni Boysun tumanida futbol bo‘yicha 2-liga ishtirokchilari «Boysun-1975» va «Qumqo‘rg‘on 1977» jamoalari o‘rtasida o‘yin bo‘lib o‘tgandi. O‘yinda «Boysun-1975» jamoasi 3:0 hisobida g‘alaba qozongan va futbolchilar o‘rtasida ommaviy janjal kelib chiqqandi. Viloyat futbol assotsiatsiyasining xabar berishicha, ommaviy janjal keltirib chiqarganlarga chora ko‘rilgan.

Qayd etilishicha, Boysundagi janjal Viloyat futbol assotsiatsiyasi qoshidagi Sport texnik komissiyasi, nazoratchi hamda hakamlar guruhi o‘yinni olib borgan hakamlar va nazoratchilar ishini ko‘rib chiqib qaror qabul qilgan.

Qarorga ko‘ra, uchrashuv yakunida «Qumqo‘rg‘on-1977» jamoasi a'zosi Eshboyev Mehriddin qanot hakami Shuhrat Mirzayevni tepib tajovuzkor harakatlari va haqoratli so‘zlar ishlatgani, shuningdek tartibsizliklarni keltirib chiqarishda asosiy sababchi bo‘lgani, A'zamov Azizjon esa hakamlar sha'niga aytilgan haqoratli so‘zlari va tajovuzkor harakatlari shuningdek tartibsizliklar keltirib chiqarganligi uchun 2021 yilgi futbol mavsum yakunigacha o‘yinlardan chetlatilgan.

«Qumqo‘rg‘on-1977» jamoasi boshlig‘i J.Xolturayev, B.Xolmatov, B.Toshboyevlar oxirgi marta ogohlantirilgan.

«Qumqo‘rg‘on-1977» jamoasi a'zolari Eshboyev Mehriddin va A'zamov Azizjonning futbolchilik litsenziyasi bekor qilingan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 18 sentabr kuni ikki nafar futbolchi Javohir Esonqulov va Akrom Xo‘jayev jamoa ofisida «Surxon» futbol klubi bosh direktori Azamat Abdurahmonov, sport direktori Abdumajid Toirov, futbolchilar Asror G‘ofurov tomonidan kaltaklanganini aytib chiqqandi. Shundan so‘ng, O‘FA tomonidan mazkur holatga huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan aniqlik kiritilguniga qadar O‘FA tomonidan «Surxon» futbol klubi bosh direktori Azamat Abdurahmonov, sport direktori Abdumajid Toirov, futbolchilar Asror G‘ofurov, Javohir Esonqulov va Akrom Xodjayev futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlashtirilgandi.

Mavzuga oid