Jahon | 22:23 / 12.11.2021
9156
2 daqiqa o‘qiladi

Yil oxirigacha Afg‘onistonda million bola ochlik qurboniga aylanishi mumkinligi aytildi

Foto: Reuters

2021 yil oxirigacha Afg‘onistonda kamida million bola ochlikdan o‘lishi mumkin. Bunday ayanchli prognozni JSST vakili Margaret Xarris ma'lum qildi.

“Afg‘onistonda ochlik darajasi sog‘liqni saqlash uchun katta tahdid sifatida o‘smoqda. Baholashlarga ko‘ra, yil oxirigacha mamlakatda 1 yoshdan 5 yoshgacha 3,2 mln bola ochlikdan aziyat chekishi mumkin”, deb aytgan JSST vakili. Uning ta'kidlashicha, hozirda JSST Afg‘onistonning 23 ta viloyatidagi 47 ta tibbiy muassasaga bolalar orasida oriqlab ketishni davolash uchun vositalar jo‘natgan.   

“Biroq bu dengizdan tomchidir. Biz Afg‘onistonni qamrab olgan ochlikka qarshi og‘ir kurash olib bormoqdamiz”, deb ta'kidlab o‘tgan Xarris. Uning so‘zlariga ko‘ra, “dunyo Afg‘onistondan yuz o‘girmasligi kerak va yuz o‘gira olmaydi”.

3 noyabrda afg‘onistonlik erkak 8 kishidan iborat oilasini boqish uchun 2 qizini sotib yuborgani ma'lum bo‘lgan. Huquq himoyachilari ushbu hodisaga izoh berib, Afg‘onistonda gumanitar inqiroz og‘irlashayotgani sayin ayollarni nikoh uchun sotish amaliyoti keng tus olayotganini aytishgan. Bu mamlakatda 15 yoshgacha qizlarni turmushga berish taqiqlanganiga qaramay yuz bermoqda.

Oktyabrda Afg‘oniston poytaxti Kobulda 8 bola ochlikdan vafot etgani ma'lum bo‘lgan. Bunda Afg‘onistonda hokimiyatni egallab, xalq uchun munosib turmush darajasini ta'minlay olmagan “Tolibon” ayblangan.

Mavzuga oid