O‘zbekiston | 12:28 / 23.11.2021
4739
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda bloger ayol kaltaklandi

Foto: Fotima Jo‘rayeva Facebook

Bloger Fotima Jo‘rayeva Ulug‘nor tuman elektr tarmoqlari korxonasi bosh hisobchisi unga qo‘pol munosabatda bo‘lib, kaltaklaganligini ta'kidlagan. Holat yuzasidan bosh prokuratura axborot xizmati munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, F.Jo‘rayeva o‘z murojaatida tuman elektr tarmoqlari korxonasi bosh hisobchisidan o‘zi huquqshunos sifatida ishlab kelayotgan fermer xo‘jaligiga elektr energiyasidan qarzdorlikni sun'iy ravishda oshirilganligi bo‘yicha tegishli hujjatlarni berishini talab qilganligini bildirgan.

Shunda korxona bosh hisobchisi unga qo‘pol munosabatda bo‘lib, uni haqorat qilib, qo‘li bilan uni yuziga urganligini va qo‘l telefonini sindirib yuborganligini bayon qilib, aybdor korxona xodimlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan. Shuningdek, u 22 noyabr kuni Ulug‘nor tumani IIBga murojaat qilgan.

Hozirda mazkur murojaat bo‘yicha tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

F.Jo‘rayevaning olgan tan jarohatlarini og‘irlik darajasini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Tekshiruv harakatlari Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olindi.

Mavzuga oid