O‘zbekiston | 17:10 / 25.11.2021
17220
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yangi aviakompaniya tashkil etilmoqda

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Transport vazirligi tashabbusi bilan Uzbekistan Airports AJ Silk Avia mintaqaviy aviakompaniyasini tashkil etmoqda. Yangi aviatashuvchi kelasi yildan parvozlarni boshlashni rejalashtirmoqda.

Silk Avia aviakompaniyasi joriy yilning sentabr oyida ro‘yxatga olingan va 14-18 noyabr kunlari Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan Dubai Airshow-2021 aviasaloni doirasida Uzbekistan Airports hamda HAS Aviation GT LLC o‘rtasida mintaqaviy aviakompaniyani yaratish strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha shartnoma imzolangan.

Mintaqaviy aviakompaniyaning tashkil etilishi O‘zbekistonda ishbilarmonlik faolligini rag‘batlantirish va ichki turizmni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishda muhim ahamiyatga ega ekani aytiladi. Bu, o‘z navbatida, mamlakatning bir fuqarosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha reyslar sonini ko‘rsatuvchi aholi aviatsiya harakatchanligi koeffitsiyenti oshishiga ta’sir qiladi.

«Biz bozorda o‘zbekistonliklar uchun hamyonbop narxlarda ichki havo qatnovlarini ta’minlaydigan aviakompaniya yaratishni maqsad qilganmiz. Yaqin-yaqingacha O‘zbekiston shaharlarini bog‘lovchi to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarning yo‘qligi katta muammo edi. Samarqanddan Xorazmga borish uchun yo‘lovchilar Toshkent orqali uchishi kerak bo‘lgan. 

Bizning vazifamiz ichki tashishni nafaqat point to hub (poytaxtdan hududlarga) tamoyili bo‘yicha, balki point to point (hududlar o‘rtasidagi) model bo‘yicha ham tashkil etishdir. Rejada - 40 tagacha yo‘nalish ishlab chiqish va yo‘lovchilar sig‘imi 70 kishigacha bo‘lgan hududiy havo kemalarini xarid qilish. Tariflar temiryo‘l tariflari bilan teng bo‘ladi. Bu ichki turizm rivojiga, iste’molchi uchun aviachiptalarning yakuniy narxiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi», dedi Uzbekistan Airports aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva. 

Yangi aviakompaniya mintaqaviy aeroportlarni rivojlantirish uchun ham zarur ekani bildirilgan. Birinchi bosqichda u Uzbekistan Airports boshqaruv kompaniyasi tomonidan tashkil etilmoqda. Kelgusida aviakompaniyani xususiy sektorga o‘tkazish rejalashtirilgan. 

Ta’kidlanishicha, Silk Avia o‘zini Uzbekistan Airways milliy aviatashuvchisiga raqobatchi sifatida ko‘rsatmaydi, balki ichki tashuvlarni tashkil etishda hamkor sifatida ishlaydi. 

Mavzuga oid