O‘zbekiston | 17:55 / 10.12.2021
11876
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: «Xalqimiz sog‘liqni saqlash tizimidan mutlaqo norozi»

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida endokrin kasalliklarning oldini olish, ularni erta aniqlash va davolash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, davlat rahbari sohadagi muammoli masalalar mavzusiga to‘xtaldi:

"Bitta tumanda kamida 10-15 ta laboratoriya bo‘lgani bilan qonni tahlil qilishga sharoit va mutaxassislar malakasi yetishmasligi oqibatida diabetning og‘ir asoratlari – ko‘z, buyrak va to‘piq kasalliklari bo‘yicha respublika muassasalariga murojaatlar 10 foizga oshgan.

Tuman shifoxonasida diabeti bor bemordan bir sutkalik statsionar kuzatish davomida o‘rtacha 8 marotaba qon tahlili olish zarur bo‘lsa-da, 15 ta laboratoriya va 60 dan ortiq xodimi bo‘lgan tuman darajasida buning imkoni yo‘q.

Sababi oddiy - markaziy shifoxona va markaziy poliklinikada laboratoriyalarning ish vaqti tushlik payti – soat 14:00da tugaydi. Tun-u kun ishlaydigan shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi laboratoriyasi esa, bir hududda bo‘la turib, shifoxonaning boshqa bo‘limlariga xizmat ko‘rsatmaydi.

Yoki, tumanlarda yod defitsiti, qalqonsimon bez kasalliklarini aniqlash bo‘yicha gormonal tahlillar yo‘lga qo‘yilmagani bois, aholi xususiy laboratoriyalarga borishga majbur bo‘lmoqda.

Oqibatda xalqimiz sog‘liqni saqlash tizimidan mutlaqo norozi. Bularni viloyat, tuman va shahar hokimlari, sog‘liqni saqlash idoralari boshliqlari bilmaydimi? Shu bois, endokrin kasalliklarini barvaqt aniqlash, ularning oldini olish va davolash bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi", dedi prezident.

Mavzuga oid