“Yana jinchiroqda qish o‘tkazamizmi?” - Andijonning ikki qishlog‘idagi bir muammo
Biz borgan mahallalarda chiroq yo‘q emas, bor, lekin uning kuchi ba’zan televizorni yoqishga ham yetmaydi. Tabiiyki, simyog‘ochlarning holati ham shunga yarasha. Kuchlanish pastligidan elektr jihozlari kuyadi, asablar taranglashadi, mas’ullarning qishgacha degan va’dalari muddati yana cho‘ziladi...
Murojaatlar ortidan Andijon viloyatining Shahrixon va Baliqchi tumanlaridagi Barkamol avlod va Chanavoz mahallalarida bo‘ldik.
Qishning sovuq oylarida sifatsiz, past kuchlanishli elektrdan foydalanishga majbur aholi elektr tarmoqlari mutasaddilarining “Dasturga tushirdik, qishgacha transformator va simyog‘ochlar o‘rnatiladi” degan puch va’dalariga ishonishgani haqida kuyunib gapirishdi.
“Kuchlanish 90 voltga ham yetmaydi”
Murojaat ortidan borgan joyimiz – Baliqchi tumani Ko‘lbo‘yi qishlog‘i Chanavoz mahallasi ko‘chalaridagi qo‘lbola simyog‘ochlar o‘tgan asrda o‘rnatilgan ekan. Ko‘chalarni aylandik. Liniya nobopligidan elektr simlari pasayib ketgan. Aholi vakillari sifatsiz elektr ta’minoti orqasidan paydo bo‘layotgan muammolar haqida kuyunib gapirishdi.
“Bu simyog‘och va simlarni 31 yil oldin o‘z mablag‘imizga sotib olib o‘rnatgan edik. Yillar davomida ayanchli holga kelib qoldi. Qo‘llarimizni ko‘tarsak, salkam simga tegadi. Maktabga, bog‘chaga qatnaydigan bolalarimizdan xavotirda yashayapmiz. Kattaroq yuk mashinalari ko‘chalarimizga kirmaydi. Chunki simlar juda past holatda turibdi. Uzib ketishi mumkin”, – deydi Abdug‘affor Qoraboyev.
Mahalla ahli kechqurunlari elektr kuchlanishi o‘ta pasayib ketishi oqibatida maishiy texnika jihozlari, hatto televizor ham ishlamayotgani haqida shikoyat qilishdi.
“Tok pastligidan suv tortadigan motor ishlamaydi. Televizorlar qotib qoladi. O‘zim payvandchi ustaman. Payvand apparati, bolgarkalar umuman ishlamaydi. 2019 yildan buyon tuman, viloyat, Prezident qabulxonasiga murojaat qilamiz. Oxirgi murojaatimizdan keyin tuman elektr korxonasi boshlig‘i muammolar 2021 yil 4-choragida uzil-kesil bartaraf etilishini aytib, o‘z imzosi bilan javob xati bergandi. Mana, to‘rtinchi chorak tugayapti, harakatdan darak yo‘q”, – deydi Murodillo Rasulov.
Aholining aniq savollariga javob izlab, Baliqchi tuman elektr ta’minoti korxonasi rahbari Eldorbek Jo‘rayevga mikrofon tutdik. Mutasaddi Chanavoz mahallasidagi holatdan xabardorligini aytdi.
“Haqiqatan ham Ko‘lbo‘yi mahallasi ko‘chalaridagi simyog‘ochlar eskirib, simlar nosoz holatga kelgan. Transformator punkti ham qurishimiz kerak. Bu yilgi dasturimizda ko‘ra, mahallaga bir dona 160lik transformator olib borib, eski simyog‘ochlarni 78 ta temir beton tayanchga almashtiramiz. Hozir ish boshlaganmiz. Yilning oxirigacha yakunlab beramiz”, – deydi Eldorbek Jo‘rayev.
“Necha yilki jinchiroqda yashaymiz”
Shahrixon tumanining chekka hududda joylashgan Ahmadbek qishlog‘i Barkamol avlod mahallasiga oqshomga yaqin borganimizda bizni bir guruh aholi vakillari kutib turgan ekan.
Mazkur mahalla aholisi bizga oxirgi yillarda nega juda ko‘p bora murojaat qilganining sababini muammolarni ko‘rib tushundik. Ko‘chalarga o‘rnatilgan terak va tol yog‘ochlaridan tikkalangan simyog‘ochlarning holati xavfli, xonadonlarda esa tok kuchi ozligidan xira yonib turgan chiroqlarni ko‘rasiz. Mahalla ayollari elektr ta’minotidagi muammolardan toza zerikkan ekan. Bizni ko‘rib dardlarini to‘ka solishdi.
“Mahallamizda elektr ta’minotidagi holat juda yomon. 2016 yildan beri to‘xtovsiz murojaat bilan chiqamiz. Lekin hech ham chora ko‘rilmayapti. Bu yil yana chiqdik. Arizamizni qabul qilishgach, mutasaddilar kelib ko‘rishdi, suratlarga olishdi. “3-chorak rejasiga kiritildi. Muammo bartaraf etiladi” deya va’da berishgan edi. Lekin yil tugayapti, natija bo‘lmadi.
“Svet”larimiz xira yonadi. Kechqurun biror narsa o‘qiy olmaysiz yoki choy qaynata olmaysiz. Ichi kuyib ketib, ikki marta kir yuvadigan mashinamizni almashtirdik. Bolalarimiz dars tayyorlay desa, jinchiroqda o‘tiramiz. Hatto fonarlarimiz ham quvvat ololmaydi. Lekin elektr pulini doim to‘lab yuramiz. Hech qanday qarzdorligimiz yo‘q.
Bu yil “elektroset”ga beshta ayol to‘planib bordik. Rahbarlari yana quruq gaplarni gapirishdi”, – deydi Saodatxon Ahmedova.
Mahallada 100dan ziyod xonadon bo‘lib, 500 nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Yilning sovuq faslida, nobop simyog‘ochlardagi simlar shamol va kuchlanishdan uzilaverib, tuzatgani montyorlar ham kelmay qo‘yibdi.
“Tok kuchi pastligidan elektr isitkichlarni ishlata olmaymiz. Maishiy jihozlar – tikuv mashinasi, kir yuvish, elektr pechlar-ku umuman ishlamaydi. Hatto ba’zan televizor ham ko‘rsatmaydi”, deydi bizni uyiga olib kirgan Shavkatbek Mahmudov.
Muammoli holatni o‘rganishni tugatayotganimizda o‘sha joyga Shahrixon elektr ta’minoti korxonasi muhandisi A’zamjon Habibov yetib keldi.
“Haqiqatan ham Barkamol avlod mahallasida elektr ta’minotida muammolar mavjud. Chunki mahallaga liniya juda uzoqdan tortilgan. Kuchlanishni mo‘’tadil qilish uchun transformator olib kelib qo‘yganmiz. Transformatorlarni tez kunlarda ishga tushirib, aholini sifatli elektr energiya bilan ta’minlaymiz.
Simyog‘ochlar masalasida aytadigan bo‘lsam, besh yarim kilometrli loyiha tayyorladik. Yil oxirigacha muammoni tugata olmasak kerak. Chunki 20 ish kuni qoldi. Keyingi yil birinchi choragida ishni boshlaymiz”, –deydi mutasaddi.
Xulosa o‘rnida
Har ikki qishloqdagi muammo bo‘yicha mutasaddilarning izohini tinglab, ularning va’dalariga ishongimiz keldi. Biroq Chanavoz va Barkamol avlod mahallasida yoshovchi aholi vakillari ishonishdi deya olmaymiz. Bir kalendar yili tugab, yangi yil boshlanishiga ikki hafta qoldi. Oylar, choraklar o‘tib ketdi.
Savol tug‘iladi. Har ikki mahalla o‘z muammolari yechimini 2022 yil boshida ko‘rarmikin? Javobni esa Andijon viloyat hokimligi va Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasidan kutib qolamiz.
Elmurod Ermatov,
Azizbek Ismolov
Mavzuga oid
20:55 / 02.11.2024
O‘zbekistonda elektr energiyasi va metan gazi olish uchun 8 ta chiqindi yoqish zavodi, 1 ta chiqindi poligoni quriladi
15:44 / 01.11.2024
Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari qamoqqa olindi
21:29 / 29.10.2024
Jizzaxda 8,6 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan “metan zapravka” aniqlandi
10:40 / 27.10.2024