Halokatli zanjir. Buxorodagi OITS tarqalishi voqeasidan qanday saboqlar chiqarish zarur?
Buxoroda o‘nlab kishilarga OITS yuqtirilishi va bemorlarning gardaniga tashlab qo‘yilgan «nazorat»ning ayanchli oqibatlari haqida.
O‘tgan yil oxirida Buxoroda fohisha ayol qirqqa yaqin erkakka OITS infeksiyasini yuqtirgani haqida xabar qilindi. Ayol qachon tuzalmas bu kasalni yuqtirgani noma’lum, kasallikning yashirin davri hisobga olinsa, ayolning o‘zi ham buni bilmasa kerak.
Buxorolik ayol OITSga chalinganidan 2017 yilda xabar topgan. Shundan so‘ng qonunda belgilangan tartibda dispanser nazoratiga olingan va kasallikni bila turib boshqalarga yuqtirmaslik haqida ogohlantirilgan. Lekin o‘zgalarning ko‘nglini ovlashni kasb qilib olgan ayol bu ogohlantirishga amal qilmaydi.
Rasmiy ma’lumotda keltirilishicha, ayol qariyb 4 yil davomida qirqqa yaqin erkaklarga OITS infeksiyasini yuqtirgani aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, fohishaning xizmatlaridan foydalangan erkaklarning aksariyati oilali bo‘lgan. Erlarining shahvoniy buzuqligi kasriga ularning begunoh ayollari, ayrim hollarda esa, hali tug‘ilmagan go‘daklari ham ushbu bedavo dardga yo‘liqqan.
Rasmiy ma’lumotlarda fohishaning 4 yil davomida qirqqa yaqin erkakka OITS infeksiyasini yuqtirgani keltirilsa-da, aslida raqamlar kattaroq bo‘lishi ham mumkin. Shunchaki tergov davomida ayol shuncha sondagi mijozini eslay olgan va ular tibbiy ko‘rikdan o‘tganda kasallikni yuqtirgani tasdig‘ini topgan bo‘lishi ehtimoli yuqori.
Bu fohisha xizmatidan foydalangan mijozlar keyinroq boshqalar bilan jinsiy munosabat qilishi mumkinligidan kelib chiqilsa, u yuzlab, balki minglab insonlarning OITSga chalinishiga sababchi bo‘lganini taxmin qilish mumkin. Tasavvur qilish qanchalik qo‘rqinchli bo‘lmasin, bu achchiq haqiqat.
Kasallik alomatlari tezda yuzaga chiqmasligi va aksariyat yilda kamida bir marta bo‘lsa ham tibbiy ko‘rikdan o‘tishga odatlanmagani sababli buxorolik fohishaning xizmatidan foydalangan, ammo bedavo kasallikka chalinganidan bexabar erkaklar yana o‘nlab, balki yuzlab sog‘lom odamlarga ushbu kasallikni yuqtirib yurgan bo‘lishi ham mumkin.
Bundan tashqari, zino ko‘chasidan yurmagan odamlar ham zinokorlar kasriga qolishi hech gapmas. Deylik, tartibli hayot kechiradigan erkak yoki ayol stomatolog xizmatidan foydalandi. Biroq u ishlatgan jihozlar yaxshilab sterilizatsiya qilinmagani bois tibbiy asboblarda qolgan infeksiya sog‘lom insonning qoniga o‘tishi oqibatida u ham yo‘q joydan kasallik tarqatuvchiga aylanib qolishi, ular orqali ushbu dardga chalinuvchilar zanjiri cho‘zilgandan cho‘zilib borishi ehtimoldan uzoq emas.
Buxoroda aniqlangan holat O‘zbekiston tarixidagi yagona hodisa hisoblanmaydi. Bungacha o‘nlab erkak va ayollarning bedavo dardga chalinganini bila turib, uni boshqalarga qasddan yuqtirgani bilan bog‘liq ko‘plab holatlar aniqlangan (1, 2, 3, 4, 5)
Albatta, bunday qilmish uchun qonunchilikda javobgarlik ko‘zda tutilgan. Jinoyat kodeksi 113-moddasiga ko‘ra, bila turib, boshqa shaxsni OITS yuqtirish xavfi ostida qoldirish yoki unga OITS yuqtirish 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Qirqdan ortiq erkakka, ular orqali yana o‘nlab odamlarga OITS infeksiyasi yuqishiga sababchi bo‘lgan fohishaning qilmishi ham jazosiz qolgani yo‘q. Sud hukmiga ko‘ra, u 6,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Biroq bu chora kasallikni yuqtirib olganlarning dardiga malham bo‘lolmaydi.
OITSga qarshi kurash markazi direktori Qahramon Yo‘ldoshev 2020 yilning 1 noyabr holatiga O‘zbekistonda OIV infeksiyasi bilan yashovchilar soni 43581 nafarni tashkil etishini ma’lum qilgandi. 2021 yilda bu ko‘rsatkich qanchaga oshgani yoxud kamaygani haqida ma’lumotlar yo‘q.
Rasmiylarning aytishicha, O‘zbekistonda OITS bilan kasallanganlar soni ko‘payishida ishlash uchun chet elga ketgan, u yerda betartib jinsiy hayot kechirgan erkaklarning ham hissasi katta. Amaldagi tartibga ko‘ra, uch oydan ortiq muddatda xorijda bo‘lib qaytgan shaxslar vatanga qaytganidan so‘ng OIV infeksiyasi uchun qon topshirishi kerak. Joylarda ko‘pchilik bunga amal qilmasligi, ayrim holatlarda bu kabi ishlar pul bilan bitirilishini inobatga olsak, aholi orasida bu dardga chalinganidan bexabarlar soni ko‘p bo‘lishi mumkin.
Garchi OITS infeksiyasini yuqtirganlar alohida ro‘yxatga olinsa-da, nazorat yetarlicha emasligini Buxorodagi voqea ham tasdiqlamoqda. Demak, bu boradagi tartib-qoidalarni qat’iylashtirish, o‘zgalar hayotiga xavf solishi mumkin bo‘lgan holatlarda bemorlar ixtiyori yoxud vijdoniga havola qilish bilangina kifoyalanmaslik, aksincha, bu choralar natija bermayotganini tan olib, ushbu dardga chalinganlarni jamiyatdan yakkalash ustida bosh qotirish zarur.
Shu bilan birga, kasallikni qasddan boshqalarga yuqtirganlik uchun qonunchilikda ko‘zda tutilgan jazo muddatini uzaytirish orqali ham odamlarni bu harakatdan tiyib turish mumkin. Zero, O‘zbekistonda bunday qilmish uchun ko‘pi bilan 8 yil berilsa, boshqa davlatlarda 2-3 barobar ko‘proq muddatli jazo tayinlanadi.
Darvoqe, organizmda immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasalliklar tarqalishiga qarshi kurashish bilan bog‘liq xarajatlar uchun 2022 yilda davlat budjetidan 95,4 mlrd so‘m ajratilishi belgilangan. Bu o‘tgan yilgiga nisbatan qariyb ikki barobarga ko‘proq. 2021 yilda ayni maqsad uchun 50,8 mlrd so‘m ajratilgan edi. Ushbu mablag‘lar maqsadli sarflanishi, xo‘jako‘rsinga o‘tkaziladigan tadbirlar va boshqa foydasiz ishlarga sarflanmasligiga umid qilib qolamiz.
Jamshid Niyozov, jurnalist
Tasvirchi va montaj ustasi: Muhiddin Nido
Mavzuga oid
11:34 / 08.10.2024
Buxoroda ikki ishchi tok urishi oqibatida halok bo‘ldi
09:54 / 20.09.2024
Samarqandda qizlarni O‘mon davlatiga fohishalikka jo‘natgan ayollarga sud hukmi o‘qildi
17:13 / 12.08.2024
Muqobil energiya manbalaridan foydalanishni rag‘batlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi
16:34 / 21.07.2024