Samarqanddagi yig‘ilishda 10 nafar rahbar ishdan olindi
Prezident Samarqanddagi ikki tuman hokimi, bir tuman prokurori, ikki tuman bosh soliqchilari, uchta tuman IIB boshliqlari va yana ikki amaldorni ishdan oldi.
Samarqand xalqaro aeroportining yangi terminalida prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida viloyat faollari yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Prezident matbuot kotibining xabar qilishicha, o‘ta tanqidiy ruhda o‘tayotgan yig‘ilishda davlat rahbari viloyatdagi sektorlar va tegishli mutasaddilar juda sust ishlayotganini ko‘rsatib o‘tdi.
Faoliyatida jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Samarqand tumani hokimi Nosir Mavlonov va Nurobod tumani hokimi Faxriddin Zairov ishdan olingan.
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan Nosir Mavlonov 2019 yil yozida Samarqand tumani hokimligiga tayinlangandi.
Muqaddam oliy ta’lim vazirligida ishlagan Faxriddin Zoirov esa 2017 yil yozidan buyon Nurobod tumaniga rahbarlik qilib kelgan.
Oqdaryo tumani prokurori D.Kubayev, Samarqand shahri IIB boshlig‘i Jamshid Qodirov (2019 yil yanvar), Samarqand tumani IIB boshlig‘i Farrux Gafarov (2021 yil avgust) va Oqdaryo tumani IIB boshlig‘i Bahodir Ibragimov (2019 yil mart) ham ishdan olingan.
Shuningdek, Urgut va Payariq tumanlari davlat soliq inspeksiyalari boshliqlari A.Almazov va M.Ergashev hamda viloyat elektr tarmoqlari korxonasi rahbari G‘.Mamatqulov ham lavozimlarini tark etgan.
Qayd etilishicha, ularning ba’zilariga nisbatan to‘plangan, shu jumladan korrupsiya holatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida jinoiy ish ochish masalasi o‘rganib chiqiladi.
Bundan oldinroq mazkur yig‘ilishda Markaziy bankning Samarqand viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i Otabek To‘xtayev ishdan olingani xabar qilingandi.
Mavzuga oid
09:28 / 08.11.2024
Samarqandga 100 ta elektrobus olib kelinadi
10:53 / 07.11.2024
Misr Samarqand viloyati tuman va shaharlarida suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishi mumkin
21:44 / 01.11.2024
Samarqandda avtobus salonini ayollar va erkaklar uchun ajratgan haydovchiga chora ko‘rildi
11:44 / 31.10.2024