Jahon | 15:21 / 24.02.2022
160807
12 daqiqa o‘qiladi

Putin urush ochdi. Asosiy ma’lumotlar

Putinning Donbassda harbiy amaliyot boshlanganini e’lon qilishi ortidan rus harbiylari Ukraina hududiga havodan hujumlar boshladi. Ukraina chegarachilari Rossiya quruqlikda ham Belarus yordamida shimoldan hujumga o‘tganini ma’lum qilgan. Ukraina yerlari va odamlarini boy bermoqda.

24 fevral tongida, Moskva vaqti bilan soat 5:30da Rossiya prezidenti Vladimir Putin davlat telekanallari orqali murojaatida Ukrainada «maxsus harbiy amaliyot boshlangani»ni e’lon qildi. U Donetsk va Luhansk xalq respublikalari yordam so‘ragani, «Kiyev rejimi tomonidan tahqirlash va genotsidga uchragan odamlarni himoya qilish» uchun harbiy harakatlar boshlaganini ma’lum qildi. Ukraina bo‘layotgan hodisalarni «bosqinchilik urushi» deb atadi. AQSh va Buyuk Britaniya Rossiyaning harakatlarini Ukrainaga hujum sifatida baholagan.

«Hurmatli o‘rtoqlar»

«Men maxsus harbiy operatsiya o‘tkazishga qaror qildim. Uning maqsadi sakkiz yil davomida Kiyev rejimi tomonidan tahqirlash va genotsidga uchragan odamlarni himoya qilishdir. Va buning uchun biz Ukrainani demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilishga intilamiz. Shuningdek, tinch aholiga, jumladan, Rossiya Federatsiyasi fuqarolariga qarshi ko‘plab qonli jinoyatlarni sodir etganlarni ham sudga tortish maqsad qilingan», dedi u murojaati davomida.

Prezident Rossiyaning rejasi Ukraina hududini bosib olish emasligini qayd etgan.

U Ukraina fuqarolariga murojaat qilgan.

«Bugungi voqealar Ukraina xalqi manfaatlariga tajovuz qilish istagi bilan bog‘liq emas. Bizning harakatlarimiz - bizga qarshi tahdidlardan o‘zimizni himoya qilishdir. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, buni to‘g‘ri tushunishni so‘rayman», degan Putin.

U ukrain harbiy xizmatchilarini qurollarni topshirib, taslim bo‘lishga chaqirgan.

«Ukrainalik harbiy xizmatchilarga ham murojaat qilishim kerak. Hurmatli o‘rtoqlar, ota-bobolaringiz umumiy vatanimizni himoya qilish yo‘lida hozirgi millatchilar Ukrainani egallab olishi uchun jang qilmagan. Siz Ukraina xalqiga qasamyod qilgansiz, Ukrainani talab, xalqining ustidan kuladigan to‘daga emas. [Bu to‘daning] jinoiy buyruqlarini bajarmang.

Sizlarni tezda qurollarni tashlab, uyingizga qaytishni so‘rayman. Aytib qo‘yay, ehtimoliy qon to‘kilishi Ukraina hududida hukmronlik qilayotgan rejimning vijdoniga havola bo‘ladi», dedi Putin.

Prezidentning telemurojaati 27 daqiqa davom etgan, u NATO sharqqa qarab kengayishda davom etayotganini takrorlagan, SSSR qulashi va dunyoda «kuchlar nisbati» buzilganini eslatgan, Ikkinchi jahon urushi bilan parallellar keltirgan.

Har tomondan hujum

Putinning murojaati e’lon qilinishi ortidan Ukrainaning turli shaharlarida - Kiyev, Xarkiv, Odessa, Xerson va boshqa hududlarda portlashlar bo‘layotgani to‘g‘risida xabarlar kela boshladi. Ukraina Xavfsizlik kengashi Aleksey Danilov mamlakatdagi harbiy infratuzilmalarga zarbalar bo‘layotganini tasdiqladi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

Rossiya mudofaa vazirligi Ukraina hududiga zarbalar berilganini tasdiqladi «Yuqori aniqlikdagi qurollar Ukraina harbiy infratuzilmasi, havo hujumidan mudofaa obektlari, harbiy aerodromlar va aviatsiyani ishdan chiqarmoqda», deyiladi RF mudofaa vazirligi bayonotida.

Shu bilan birga vazirlik Rossiya qurolli kuchlari Ukraina shaharlariga raketalar uchirmagani, aviatsiya va artilleriya zarbalari bermaganini qayd etgan. «Ukrainaning tinch aholisiga hech qanday tahdid yo‘q», deyiladi bayonotda.

Ko‘p o‘tmay RF Mudofaa vazirligining navbatdagi bayonoti e’lon qilindi. Unga ko‘ra:

  • Ukrainalik chegarachilar rossiyalik harbiy bo‘linmalarga hech qanday qarshilik ko‘rsatmayapti;
  • Ukraina qurolli kuchlarining havo hujumidan mudofa tizimlari bostirildi;
  • Ukraina qurolli kuchlari aviabazalaridagi harbiy infratuzilmalar ishdan chiqarildi.

CNN tanklar kolonnasi Belarus orqali Ukraina chegarasidan o‘tayotgani aks etgan videoni e’lon qildi.

Shuningdek, Dnestrbo‘yidan turib ham Ukraina tomonga raketalar uchirilgan.

Donbassdagi tutashuv chizig‘ida ham janglar ketmoqda

DXR va LXR qurolli kuchlari Rossiya harbiylari ortidan Donbassdagi tutashuv chizig‘iga hujum qilishgan. O‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan respublikalar rahbariyati o‘z suverenitetini Donetsk va Luhansk oblastlarining ma’muriy chegaralarida tiklash niyatini ma’lum qilgan (ayni vaqtda bu oblastlarning katta qismi Kiyev nazoratida). DXRdagilar Viktorovka va Bogdanovka aholi yashash punktlari jang qilib olingani haqida xabar bergan, LXR Luganskaya stanitsasi va Schaste posyolkasi olinganini ma’lum qildi.

RF mudofaa vazirligining xabar qilishicha, DXR va LXR xalq militsiyasining «qarshi hujumi» rus qo‘shinlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Ukrainaning yo‘qotishlari

Ukraina Bosh shtabi olti shahardagi aeroportlar raketalar bilan bombardimon qilinganini xabar qildi: Borispol, Ozerniy, Kulbakin (Mikolayiv), Chuguyiv, Kramatorsk, Chornobayivka (Xerson).

Ukraina FVV mamlakatdagi harbiy infratuzilmalarga berilgan zarbalar haqida operativ ma’lumotlarni taqdim etdi:

  • Xmelnitskaya oblasti: Starokonstantinov shahridagi harbiy omborxona artilleriya hujumlari oqibatida yonib ketgan. 
  • Dnepropetrovskaya oblasti: Krasnopole va Marganets shaharlarida yong‘inlar, harbiy omborxonalar o‘qqa tutilgan.
  • Vinnitskaya oblasti: Tulchin shahri va Boxan qishlog‘i - harbiy qismlarda yong‘in.
  • Lutsk — teleminora portlatildi.
  • Kiyev oblasti: shahar atrofidagi harbiy qismda yong‘in.

Ukraina chegara xizmati rossiyalik harbiylar Belarus qo‘shinlari ko‘magida beshta oblastga - Lugansk, Sumsk, Xarkov, Chernigov va Jitomirga, shuningdek, Qrim tomondan quruqlik orqali bostirib kirganini ma’lum qildi.

Ukraina armiyasi Bosh shtabi harbiy harakatlar chog‘ida «bosqinchilarning olti samolyoti va bir vertolyoti yo‘q qilingani» haqida ma’lum qildi. Rossiya harbiylari OAVda Ukraina hududida Rossiya samolyotlari urib tushirilgani to‘g‘risida tarqalgan ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi.

Keyinroq Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi Xarkiv yaqinida ruslarning to‘rtta tanki yakson etilganini ma’lum qildi.

Yo‘qotishlar

Ukraina IIV tinch aholi orasidagi dastlabki yo‘qotishlar va yaralanganlar haqidagi ma’lumotlarni e’lon qildi. 

Odessa oblastida raketalar hujumi oqibatida olti kishi halok bo‘lib, yetti kishi yaralangan. Yana 19 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Mikolayiv oblastida bir kishi yaralangan, Xerson oblastida 17 yoshli o‘smir qurbon bo‘lgan. Chuguyivdagi aholi  turar joylaridan biriga raketa kelib tushishi oqibatida chaqaloq halok bo‘lgan.

Ukraina ichki ishlar vaziri maslahatchisi Anton Gerashchenkoning ma’lum qilishicha, Mariupol shahridagi otishmalar oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, ikki kishi yaralangan. «Interfaks—Ukraina» Xersondagi «Preobrajyenka» aholi punktida bir chegarachi halok bo‘lganini xabar qildi.

Shuningdek, Zelenskiyning matbuot kotibi Ukraina armiyasining 40 dan ortiq harbiy xizmatchisi Rossiya hujumlari qurboniga aylanganini tasdiqladi.

Kiyev shahrida erta tongdan fuqaro mudofaasi tizimi ishga tushirilib, havo hujumi haqida ogohlantiruvchi sirenalar yangray boshladi.

Shahar metrosi bombapanogohga aylangan, kiyevliklar raketa hujumlaridan metro bekatlariga kirib yashirinmoqda.

Valentyn Ogirenko / Reuters / Scanpix / LETA

Ukraina osmoni parvozlar uchun yopilgan

Rossiyaliklar bosqinidan keyin Ukraina havo kengliklari parvozlar uchun yopildi. Rosaviatsiya ham Rossiya janubidagi 14 aeroport faoliyati 2 martga qadar to‘xtatilganini ma’lum qildi.

Rosaviatsiya ma’lum qilishicha, quyidagi aeroportlar ishlamaydi: Rostov (Platov), Krasnodar (Pashkovskiy), Anapa (Vityazevo), Gelendjik, Elista, Stavropol, Belgorod, Bryansk, Orel, Kursk, Voronej, Simferopol, Volgograd va Astraxan.

Ayni vaqtda samolyotlar Ukrainani aylanib ucha boshlagan.

Namangandan Krasnodarga uchgan Uzbekistan Airways samolyoti Rostovdagi havo maydoni yo‘lovchi samolyotlar qatnovi uchun yopilishi munosabati bilan O‘zbekistonga qaytdi. Ammo yonilg‘i yetarli bo‘lmagani bois samolyot Urganchga qo‘ndirilgan. Ayni vaqtga kelib bu samolyot Urganchdan Namanganga uchib ketgan.

Shuningdek, Toshkentdan Kiyevga uchgan Sky Up Airlines aviakompaniyasi reysi Moldovaga yo‘naltirilgan.

Uzbekistan Airways 27 fevral va 2 mart kuni Kiyevga rejalashtirilgan parvozlarni bekor qildi.

Zelenskiyning murojaatlari

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy har soatda videomurojaat qilmoqda. U dastlab butun mamlakat bo‘ylab harbiy holat rejimini e’lon qildi. U mamlakat fuqarolarini vahimaga berilmaslikka va uyda qolishga, shuningdek, imkon qadar harbiylarga yordam ko‘rsatishga chaqirdi.

«Bugun sizdan faqat xotirjamlik zarur, imkon qadar uyda qoling. Biz ishlayapmiz, armiya ishlayapti, butun xavfsizlik sektori va mudofaa ishlamoqda. Men, Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi, vazirlar mahkamasi doimo siz bilan aloqada bo‘lamiz. Tez orada yana aloqaga chiqaman. Xavotirga tushmang, biz kuchlimiz, biz barchani yengamiz. Chunki biz — Ukrainamiz. Ukrainaga sharaflar bo‘lsin», dedi u.

U keyingi murojaatida dunyo yetakchilarini «Putinga qarshi koalitsiya» tuzishga, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni zudlik bilan joriy etishga va Ukrainaga moliyaviy yordam ko‘rsatishga chaqirdi.

«Bugun Rossiya Ukrainaga bostirib kirishni boshladi. Putin Ukraina bilan, butun dunyodagi demokratiya bilan urush boshladi. U mening davlatimni yo‘q qilmoqchi. U bizning davlatimizni, biz qurgan va hayotimiz mazmuni bo‘lgan barchasini yo‘q qilmoqchi.

Men AQSh prezidenti Jo Bayden, Germaniya kansleri Olaf Shols, Yevropa kengashi rahbari Charlz Mishel, Polsha prezidenti Anjyey Duda va Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson bilan muzokaralar o‘tkazyapman», dedi Ukraina prezidenti.

U barcha davlatlarga havo hududini yopishga chaqirib, dunyo Rossiyani tinchlikka majburlashi kerakligini ta’kidladi.

Ukraina Rossiya bilan diplomatik aloqalarni uzdi

Zelenskiy navbatdagi videomurojaatida Ukraina Rossiya bilan diplomatik munosabatlarni uzganini ma’lum qildi.

«Rossiya erta tongda bizning davlatimizga qabihlik bilan hujum qildi. Xuddi fashistlar Germaniyasi Ikkinchi jahon urushida qilganidek», dedi Zelenskiy.

Ukraina prezidenti barcha fuqarolarni qon donori bo‘lishga chaqirdi. Harbiylar orasida yaradorlar borligi ma’lum qilindi: «Biz barchaga qurol tarqatishni boshladik va ularni o‘z yurtimizni himoya qilish uchun hammaga beramiz». 

Shuningdek, u Rossiyada vijdonini yo‘qotmaganlarning barchasi ko‘chalarga chiqib, bu urushga qarshi norozilik bildirishi kerakligini aytdi.

Rossiya fond bozorlari qulamoqda

Mosbirja indeks 11 foizdan ortiqqa qulagach, savdolarni to‘xtatgan. Yevro kursi 100 rubldan oshgan, dollar kursi 90 rublga yaqinlashgan.

2014 yilda, Qrim voqealari vaqtida ham rubl bu darajada qadrsizlanmagandi.

Markaziy bank agressiyaning monetar oqibatlarini yumshatish va aziyatni barqarorlashtirish uchun valuta bozorida misli ko‘rilmagan intervensiyalar qo‘llashga majbur bo‘lmoqda. Savdolar tiklanganidan keyin ham Mosbirja indeksi qulashda davom etdi - qulash 40 foizdan oshdi.

Brent narxi 2014 yil sentabr oyidan beri ilk marta bir barrel uchun 103 dollargacha ko‘tarildi. Yevropada gaz almashinuvi narxi 41 foizga oshdi. Bu gaz fyucherslari uchun 190 yevroga yaqinlashgan o‘tgan dekabrdan beri eng yuqori narxdir.

Mavzuga oid