Buxoroda 49 yoshli fuqaro yuklagichni olib qochdi
Olib qochilgan «HGMA» rusumli yuklagich Janubiy Koreya fuqarosiga tegishli bo‘lgan.
IIV huzuridagi Tergov departamentining ma’lum qilishicha, viloyat IIBga 50 yoshli N.A. murojaat qilib, 4 aprel kuni Sheyxon ko‘chasidan o‘tuvchi yo‘l chetida qarovsiz qoldirilgan, “SUN CHANG TRADE” MChJ rahbari, 62 yoshli K.M.ga tegishli «HGMA» rusumli old g‘ildirakli yuklagichni noma’lum shaxs haydab olib ketganini bildirgan.
Holat yuzasidan Buxoro shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan noma’lum shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida ushbu jinoyatni Buxoro shahrida yashovchi 49 yoshli B.I. sodir etgani aniqlangan. U yuklagichni keyinchalik sotish maqsadida Kogon shahrida yashovchi pochchasining hovlisiga olib borib qo‘yganini bildirgan.
Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.