O‘zbekiston | 14:00 / 23.04.2022
11568
5 daqiqa o‘qiladi

SSV Surxondaryoda sog‘lomlashtirish aksiyasini o‘tkazmoqda

Sog‘liqni saqlash vazirligining respublika bo‘ylab o‘tkazayotgan sog‘lomlashtirish aksiyasi davom etmoqda. Surxondaryoda bo‘lib o‘tayotgan aksiyada murakkab buyrak ko‘chirish operatsiyalari ham amalga oshirilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan Surxondaryo viloyatida sog‘lomlashtirish aksiyalari bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur aksiyalarni o‘tkazishdan maqsad Shavkat Mirziyoyevning sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan ochiq muloqotida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashdan iborat.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Aksiya doirasida Surxondaryodagi bir qator tibbiyot muassasalarida poytaxtdan kelgan malakali shifokorlar boshchiligida ko‘plab yuqori texnologiyali murakkab jarrohlik amaliyotlari bajarildi.Shunday amaliyot o‘tkazilgan bemorlardan biri termizlik 64 yoshli Ro‘zihol Xojiyeva 4 oydan buyon bir nechta shifoxonalarda davolanib, dardiga shifo topmayotgan edi. Unda diafragma churrasi aniqlangan va bu kasallikdan forig‘ bo‘lish uchun Toshkentga borib operatsiya qildirish lozimligi aytilgan. Lekin bemor aynan Termizning o‘zida, poytaxtdan borgan tajribali mutaxassislar tomonidan operatsiya qilindi. Bu murakkab operatsiya vohada birinchi marta o‘tkazildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

"Ko‘pchilik tanishlarim “Poytaxtga bormasang, tuzalmaysan”, deyishgandi, biroq ko‘rib turganingizdek, og‘ir xastalikdan shu yerning o‘zida xalos bo‘ldim. Bo‘larkan-ku, Toshkentga bormay, Termizda ham davolansa. Buning uchun shifokorlarimizga, sog‘lomlashtirish aksiyasining o‘tkazilishiga sababchi bo‘lgan barcha insonlarga o‘z minnatdorligimni bildiraman",- deydi bemor.

90 yoshli Norxol momo G‘offorova bir necha yildan beri to‘shakka mixlangan, unda koksartroz xastaligi aniqlangan. Shifokorlar bemorda murakkab operatsiya o‘tkazish lozimligini aytishgan, ammo bu operatsiya uchun mablag‘ muammo bo‘layotgan edi. Viloyatda olib borilayotgan sog‘lomlashtirish aksiyasida bu muammoga yechim topildi. Operatsiya Surxondaryoning o‘zida, bepul amalga oshirildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Navqiron yoshida og‘ir kasallik tufayli yarimjon bo‘lib qolayotgan bemorlar uchun aksiya ayni muddao bo‘ldi. 45 yoshli chavandoz O‘rol Abdurahmonov otdan yiqilish oqibatida olgan jiddiy jarohati vaqt o‘tib suyak yemirilishiga olib keladi. Faqat Toshkentda o‘tkaziladigan qimmat operatsiya uchun oilada yetarli sharoit yo‘qligi sabab sog‘ayishdan umiz uzgan bemor aksiya doirasida operatsiya qilindi. Endoprotezlash amaliyotidan so‘ng 3 farzandning otasi hayotga qaytarildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Surunkali buyrak yetishmovchiligi bilan kasallangan bemorlarning kun tartibi, hayot sifati boshqa bemorlarnikidan tubdan farq qiladi. Ularning aksariyati gemodializ muolajasini olib yurishga majbur.

Muzrabot tumanida yashovchi 27 yoshli Fayzullo Choriyev ana shunday bemorlardan biri edi. Haftada o‘tkaziladigan 4-5 soatlik gemodializ muolajalari bilan yashab kelardi. So‘nggi vaqtda ahvoli yanada og‘irlashgan bemor to‘shakka mixlangan. Toshkentdagi akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida unga o‘tkir buyrak yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilib, zudlik bilan buyrak ko‘chirish operatsiyasi tavsiya qilingan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘lomlashtirish aksiyasida vohada bo‘lgan malakali shifokorlar bu operatsiyani o‘sha yerning o‘zida o‘tkazishdi. Bemorga o‘z akasi donorlik qildi va hozirda har ikkala aka-ukalarning ahvoli yaxshi ekanligi aytilmoqda.

Xuddi shunday murakkab buyrak ko‘chirish operatsiyasi 5 yoshli Abdulla To‘rayevda ham muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Bemorga otasi, 62 yoshli Toji To‘rayev o‘zining bir buyragini berdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Hozir bemor A.To‘rayev transplantolog mutaxassislar tibbiy kuzatuvi ostida bo‘lib turibdi. Uning buyrak faoliyati tiklanishida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Shuningdek, bemorga donorlik qilgan otasining salomatligi ham kundan kun yaxshilanib boryapti.

Vazirlik xabariga ko‘ra, Surxondaryodagi sog‘lomlashtirish aksiyasi tadbirlarida hozirgacha 200 nafarga yaqin og‘ir bemorda davlat hisobidan murakkab operatsiyalar o‘tkazildi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.

Mavzuga oid