Iqtisodiyot | 16:31 / 24.05.2022
22956
4 daqiqa o‘qiladi

Islom moliyasi bo‘yicha nufuzli xalqaro tashkilot O‘zbekiston bilan hamkorlik o‘rnatdi 

Islom moliya muassasalari uchun buxgalteriya va auditorlik tashkiloti - AAOIFI O‘zbekistonning “Islamic Business and Finance” korxonasi bilan hamkorlik shartnomasini imzoladi. Endilikda ushbu shartnoma doirasida AAOIFI xalqaro standartlari (me’yorlari) asosida O‘zbekistonda mutaxassislarni tayyorlash, sinovdan o‘tkazish va sertifikatlash amalga oshirilishi mumkin bo‘ladi.

Foto: AAOIFI

Shartnoma ushbu nufuzli tashkilotning 2022 yilning 15-16 may kunlari Bahrayn poytaxti Manama shahrida bo‘lib o‘tgan 20 yillik anjumani davomida imzolandi. Shartnomaga ko‘ra, O‘zbekistonda tashkil etiladigan markaz AAOIFI'ning quyidagi yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlash va sinovlarni tashkil etish bilan shug‘ullanadi:

  • Islom moliyasi bo‘yicha sertifikatlangan professional buxgalter (CIPA);
  • Shariat bo‘yicha sertifikatlangan maslahatchi va auditor (CSAA);
  • Moliya hisobi standartlari bo‘yicha mohirlik sertifikati (CPFAS).

Shuningdek, tashkil etiladigan markaz AAOIFI standartlari va nashrlarini O‘zbekistonda taqdim etish, vazirlik va idoralar bilan ishlash, islom moliyasi bo‘yicha tadbirlar tashkillashtirish bilan shug‘ullanadi. Ushbu hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekistonda joriy etilishi kutilayotgan islom moliyasi va bankchiligi sohasining jahon islom moliya sanoati bilan uyg‘unlashishiga, xorijiy islom banklari, sug‘urta (takoful) tashkilotlari, jamg‘armalari, kapital bozori ishtirokchilari bilan samarali hamkorlik qilishiga jiddiy ko‘mak beradi.

AAOIFI (Accounting and Auditing Organization for Islamic Financial Institutions) – Bahrayn qirolligi poytaxti Manama shahrida joylashgan, islom moliya muassasalari va sohaning boshqa ishtirokchilari uchun shariat, moliya hisobi, boshqaruv va axloq standartlari (qoidalari) ishlab chiqish, ularni targ‘ib qilish, ushbu soha doirasida mutaxassislar yetishtirish, ularni imtihon qilish va malakasini oshirish bilan shug‘ullanuvchi mustaqil xalqaro tashkilotdir. AAOIFI faoliyati islom moliya muassasalarining moliyaviy hisobotlaridan foydalanuvchilarning ushbu muassasalar tomonidan tayyorlanadigan ma’lumotlarga ishonchini oshirish hamda ushbu foydalanuvchilarni o‘z mablag‘larini islom moliya muassasalariga investitsiya qilish, omonatga qo‘yish hamda ularning xizmatlaridan foydalanishga undashga qaratilgan.

Bugungi kunda ushbu tashkilotga 45 dan ortiq mamlakatlardan markaziy banklar, islom moliya muassasalari, hisob-kitob (buxgalteriya), auditorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar hamda huquq va bank-moliya sohasida faoliyat yurituvchi boshqa tashkilotlar a’zodir.

Hozirgi kunda AAOIFI'ning shariat va boshqaruv standartlari Sarf, Kafolat, Havola, Murobaha, Ijara, Salam, Istisna, Mushoraka, Muzoraba; Akkreditiv, Juala, Sukuk, Qarz, Vakala, Takaful, Tavarruq, Vaqf, Zakot, xodimlar yollash; an’anaviy bankni islom bankiga aylantirish, likvidlikni boshqarish, Shariat kengashlari kabi 60 dan ortiq mavzuni qamrab olgan. Undan tashqari moliya hisobini yuritish va hisobotlar tayyorlash bo‘yicha 40 dan ortiq standartlar qabul qilingan.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda O‘zbekistonda mikromoliya tashkilotlari islom moliyasi tamoyillari asosida faoliyat olib borishlariga imkoniyat yaratuvchi “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun imzolandi. Bundan tashqari Islom taraqqiyot bankining texnik ko‘magi asosida islom bankchiligini, shuningdek, islom qimmatli qog‘ozlari – sukukni tatbiq qilish bo‘yicha qonun loyihalari tayyorlanmoqda.

Mavzuga oid