O‘zbekiston | 14:35 / 26.05.2022
19655
4 daqiqa o‘qiladi

Piyoda yurganlarni mukofotlash imi-jimida bekor qilib yuborilgani ma’lum bo‘ldi

Kuniga 10 ming qadam yurgan fuqarolarga pul to‘lash 1 yil ham davom etmasdan, yanvar oyida to‘xtatib qo‘yilgan edi. O‘shanda buning o‘rniga yangicha tartib o‘rnatilishi va’da qilingandi. Ma’lum bo‘lishicha, yangi tartib joriy etilmasdan, piyoda yurganlarni rag‘batlantirish loyihasi butkul yopib yuborilgan. Mas’ullar bu haqda 50 kundan beri sukut saqlab kelmoqda.

Foto: Kapital.uz

Piyoda yurgan insonlarni moddiy rag‘batlantirishga oid prezident farmoni bandi bundan bir yarim oy oldin – 6 apreldagi PF-98-sonli prezident farmoni bilan bekor qilingan. Bu haqda huquqshunos-bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘z Telegram-kanalida ma’lum qildi.

“Ana syupriz-u, mana syurpriiiiz. Ana kir yuvadig‘on moshina-yu, mana tilbizooor.

Yuz minglab fuqarolarga taalluqli loyiha bekor qilinar ekan-u, lekin 1 yarim oydan buyon bu haqda Sportni rivojlantirish vazirligi lom-mim deb izoh bermas ekan, qoyil, mana ochiqligu, ana ochiqlik. Yoki izoh berildi-yu, men ko‘rmay qoldimmi? Unda oldindan uzr”, – deya yozgan bloger.

Kuniga 10 ming qadamdan ortiq yurgan fuqarolarga 3 ming so‘mdan to‘lash 1 yil ham davom etgani yo‘q. 2021 yil mart oyidan kuchga kirgan tartib 2022 yil yanvarida to‘xtatib qo‘yildi. Shu bir necha oy ichida ham maxsus tashkil etilgan 1hls.uz platformasi va uning mobil ilovasi ishlashida ko‘plab muammolar kuzatildi.

Yanvar oyida bu tartib bekor qilinib, o‘rniga boshqacha – bir kunda kamida 10 ming qadam yurgan fuqarolar lotereya ishtirokchisiga aylanadigan tartib o‘rnatilishi aytilgandi. Bunda har hafta oxirida jonli efirda lotereya o‘tkazilib, bir nafar g‘olibga 100 mln so‘m va yana ming kishiga velosiped berilishi va’da qilingandi.

Oradan 3 oy o‘tar-o‘tmas, prezident farmoniga yana bir marta o‘zgarish kiritilib, endi piyoda yurganlarni rag‘batlantirish tizimi butunlay chiqarib tashlangan.

“Faqat meni bir narsaga sira aqlim yetmayapti. Bu tizimni bekor qilishning jo‘yali va asoslangan konkret sababi nima? Bunaqa taklifni ishlab chiqqan va yuqori rahbariyatni ishontira olgan Sportni rivojlantirish vazirligining maqsadi nima bo‘lgan o‘zi?” deya savol qo‘ygan Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Bloger ikkita sababni taxmin qilgan: yo budjetda pul yetmay qolgan, yoki yangi tashkil etilgan Sportni rivojlantirish vazirligi rahbariyati “bunaqa tizim uchun boshini qotirib, o‘zini qiynagisi kelmagan va tinchgina uni butunlay bekor qilib qo‘ya qolishni afzal bilgan”. Huquqshunos har ikkala sababni ham uyatli deb ta’riflagan.

Davletovuz Telegram-kanali muallifi piyoda yurgani uchun hisoblangan 177 ming so‘m pul mukofoti to‘lanmay qolganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili noyabr oyida aholini piyoda yurishga pul to‘lab rag‘batlantirishni davom ettirish kerakligini aytgandi.

“Kelgusi yilda targ‘ibot ishlarini kuchaytirish va platformadan foydalanuvchilar ko‘lamini yanada kengaytirishga qo‘shimcha 60 milliard so‘m ajratilsin. Qaysi davlatda bor – yurganga pul berish? Lekin men shunga roziman”, degandi davlat rahbari.

O‘shanda prezident aytgandiki, agar 40 yoshdan oshganlar kuniga 7-8 ming qadam yursa, yurak-qon tomir kasalliklariga chalinish 20 foizga kamayishi nufuzli xalqaro ilmiy tashkilotlar tomonidan isbotlangan.

Mirziyoyev ikki oy oldin tibbiyotchilar bilan uchrashganida O‘zbekiston aholisining 75 foizida ortiqcha vazn borligini ta’kidlagandi.

Mavzuga oid