O‘zbekiston | 13:24 / 02.06.2022
10939
4 daqiqa o‘qiladi

Andijonda kuchli ta’sir qiluvchi dorilar savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar ushlandi

Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda Andijon shahrida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Videodan kadr

DXX xabariga ko‘ra, tadbir natijasida Qirg‘iziston Respublikasidan noqonuniy olib kelingan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini sotish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. 

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 1988 va 1991 yillarda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan aka-uka tomonidan 2 nafar qarindoshini jalb etgan holda, kishiga vaqtinchalik sarxushlik bag‘ishlaydigan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi yo‘lga qo‘yilgan.

Dastlab, viloyat markazidagi Navoiy shohko‘chasida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1997 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs boshqaruvidagi «Nexia-3» rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirilganda, uning salon qismida 70 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirilib olindi. 

So‘ngra uning ko‘rsatmasi asosida jinoiy guruhning boshqa bir a’zosi - muqaddam 3 marotaba sudlangan, 1983 yilda tug‘ilgan ayolning yashash xonadonidan tarkibida psixotrop moddalar turkumiga kiruvchi «trigeksifenidil gidroxlorid» moddasi bo‘lgan 75 dona «Tsiklodol» dori vositasi, shuningdek, 1715 dona «Regapen», 211 dona «Tropikamid», 200 dona «Zardeks», 185 dona «Lirika» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari tegishli tartibda hujjatlashtirilib olindi.

Bundan tashqari, jinoiy guruh yetakchilari bo‘lgan aka-ukaning mahalliy aholi orasida «Elektroset» ko‘chasi deya ataluvchi - A.Haydarov ko‘chasida joylashgan yashash xonadonlarida va shaharning Amir Temur ko‘chasida joylashgan ularga tegishli «XXX» tungi klubida va avtomashinalar yuvish shoxobchasida ham tintuv-tergov harakatlari o‘tkazildi. 

Natijada, kelgusida sotish maqsadida saqlab kelinayotgan umumiy qiymati 103 mln so‘mlik 3000 dona «Tropikamid», «Regapen» «Lirika» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari, «bita» tayoqlari, o‘tkir tig‘li jismlar, aloqa vositalari, katta miqdordagi pul mablag‘lari, hisob-kitob daftarlari, garov sifatida qoldirib ketilgan haydovchilik guvohnomasi, diplom, nikoh tuzilgani haqida guvohnoma, fuqarolik pasportlari aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirilib olindi. 

Bundan tashqari, DXX xodimlari tomonidan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosiga qarshi o‘tkazilgan boshqa bir tezkor tadbirda esa Andijon shahrida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi «Kobalt» avtomashinasi shaharning «Do‘stlik» MFY hududida to‘xtatilib tekshirilganda, unda 2296 dona «Lirika», 1598 dona «Tropikamid» va 337 dona «Regapen» dori vositalari borligi aniqlanib, o‘rnatilgan tartibda olib qo‘yildi.

Bu kabi tadbirlardan yana biri Oltinko‘l tumanida o‘tkazilib, unda Namangan – Andijon yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan «Lasetti» avtomashinasida 4032 dona «Regapen» hamda 971 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi. 

Ma’lum bo‘lishicha, Oltinko‘l tumanida yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan va Andijon shahrida istiqomat qiluvchi, 1995 yilda tug‘ilgan fuqaro ushbu dori vositalarini Andijon shahrida sotishni rejalashtirgan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid