Ko‘p kvartirali uylar konstruksiyalarini o‘zgartirganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi
Prezident tomonidan 31 may kuni imzolangan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Soliq kodekslariga o‘zgartirishlar kiritildi.
Unga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish qoidalarini buzish mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravari (4 mln 500 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ko‘p kvartirali uylardagi tayanch va (yoki) to‘siq konstruksiyalarni qonunchilikni hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni buzgan holda o‘zgartirish va (yoki) rekonstruksiya qilish, shu jumladan ko‘p kvartirali uylarda va ko‘p kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarida o‘zboshimchalik bilan imoratlar (inshootlar) qurish ishlarini amalga oshirish:
- fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha (9 mln so‘mgacha);
- mansabdor shaxslarga 50 baravarigacha (15 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu huquqbuzarlikni (to‘siq konstruksiyalarga oid qismida) birinchi marta sodir etgan shaxs, agar u ko‘p kvartirali uydagi to‘siq konstruksiyalarning amalga oshirilgan o‘zgartirilishini yoki ularni rekonstruksiya qilish tufayli yo‘l qo‘yilgan buzilishlarni, ko‘p kvartirali uyga tutash yer uchastkasida o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni (inshootlarni), shuningdek ularning oqibatlarini ixtiyoriy ravishda bartaraf etsa, javobgarlikdan ozod etiladi.
Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Ko‘p kvartirali uy-joy fondidan foydalanish sohasini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra:
- boshqaruvchi tashkilotlar yoki ko‘p kvartirali uylarni boshqaruvchilar tomonidan umumiy mol-mulkni boshqarish, unga texnik xizmat ko‘rsatish va uni ta’mirlash, shuningdek ko‘p kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarini obodonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatilayotgan xizmatlar hamda bajarilayotgan ishlar bo‘yicha aylanma soliq solishdan ozod etiladi;
- bu bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlardan hamda bajarilgan ishlardan olingan mablag‘lar soliqqa tortilmaydi.
Mavzuga oid
09:43 / 14.11.2024
Qonuniy tashqi reklama konstruksiyasi noqonuniy buzilganda biznes-ombudsmanga xabar berish mumkin
10:40 / 06.11.2024
Psixologik yordam ko‘rsatish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi
13:38 / 23.10.2024
Yerdan foydalanish haqidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi
07:50 / 09.10.2024