Jamiyat | 12:22 / 06.06.2022
29055
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent-Termiz avtomobil yo‘li bir necha soatga yopilib qoldi

Xalqaro ahamiyatdagi yo‘lning Sirdaryo tumanidan o‘tgan qismi qariyb uch soat davomida yopilib qolgan.

Foto: IIV YHXBB axborot xizmati

Ijtimoiy tarmoqlarda Baxt shahriga yetmasdan minglab mashina tiqilinchda qolib ketgani aytilgan xabarlar tarqaldi. IIV YHXBB axborot xizmati xabarlar yuzasidan ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2022 yil 6 iyun soat 00:15 larda M-34 avtomobil yo‘lining Sirdaryo tumani “Islomobod” MFY hududidan o‘tuvchi 87-88-kilometrlari oralig‘idagi ta’mirlanayotgan ko‘prik ustida Surxondaryo viloyati Denov tumanida yashovchi X.S. boshqaruvida bo‘lgan shaxsiy Mercedes Benz yuk avtomobil nosozligi tufayli majburiy tarzda to‘xtab qolgan.

Oqibatda yo‘l yopilib Termiz-Toshkent yo‘nalishda sun’iy tirbandlik sodir bo‘lgan.

Shundan so‘ng YPX xodimlari tomonidan tirbandlikni bartaraf etish maqsadida transportlar harakati Sayxunobod tumanidan o‘tuvchi mahalliy ichki yo‘ldan tashkil qilingan.

Qayd etilishicha, M-34 yo‘lining 88-kilometrida yuzaga kelgan tirbandlik soat 2:45 larda bartaraf etilib, avtomashinalar qatnovi tiklangan.

«Eslatib o‘tamiz, ushbu hududda 2022 yil 13 may kunidan boshlab ta’mirlash ishlari olib borilmoqda», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid