Jahon | 09:33 / 09.06.2022
16210
2 daqiqa o‘qiladi

Sberbank tashqi savdo to‘lovlarini yuanda amalga oshirishni to‘xtatdi 

Sberbank xitoylik hamkorlar bilan hisob-kitoblarni tiklash bo‘yicha ishlamoqda, tashqi savdo to‘lovlarining to‘xtatilishi korporativ mijozlarga ta’sir ko‘rsatdi.

Foto: Zuma / TASS

7 iyundan boshlab Sberbank Xitoy yuanidagi tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha tadbirkorlar tomonidan to‘lovlarni amalga oshirishni to‘xtatdi. Bu haqda 8 iyun, chorshanba kuni kompaniya vakili ma’lum qildi.

«Hozirda bank xitoylik hamkorlar bilan vaziyatni hal qilish va hisob-kitoblarni tiklash bo‘yicha ish olib bormoqda», — dedi u. Moliyaviy muassasa vakilining so‘zlariga ko‘ra, chora korporativ mijozlarga ta’sir qilgan va «vaqtinchalik» hisoblanadi.

Bankning koll-markazi xodimi cheklov muddatiga aniqlik kirita olmadi. Kompaniyalarga hozircha hamkor banklar yoki boshqa vakolatli kredit tashkilotlari xizmatlaridan foydalanish taklif etilmoqda.

Sberbank Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari boshlanganidan keyin Yevropa ittifoqi, AQSh, Kanada va Buyuk Britaniyaning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi. 

Oltinchi sanksiyalar paketi doirasida ushbu moliyaviy tashkilotni SWIFT tizimidan uzishga qaror qilindi. 

Avvalroq, 24 mart kuni AQSh Rossiyaning Ukrainadagi keng ko‘lamli harbiy harakatlari fonida Sberbank rahbari German Grefga nisbatan sanksiyalar joriy qilgan edi. 

Mavzuga oid