Jamiyat | 20:19 / 22.06.2022
16560
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda yosh ona tug‘uruqdan bir necha kun o‘tib vafot etdi

Ayol shifokorlar aybi bilan vafot etgani aytilmoqda. Holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda Kattaqo‘rg‘on tumanidagi tug‘uruqxonada shifokorlar aybi bilan homilador ayol vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Samarqand viloyati prokuraturasi ma’lumot berdi.

Aniqlanishicha, 2022 yil 28 may kuni Kattaqo‘rg‘on shahar, A.Navoiy ko‘chasida yashovchi fuqaro M.Ya. homiladorligi sababli Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasi tug‘uruq bo‘limiga murojaat qilgan. Shu kuni tug‘uruq bo‘limiga “Homiladorlik I, 38-39 hafta, 1-tug‘ruq (33 yosh), tug‘uruqning I davri, gestatsion anemiya yengil darajasi” tashxisi bilan yotqizilib, kuzatuvga olingan.

Shundan so‘ng “Homila chanoq bosh disproporsiyasi. Homilaning noaniq holati” tashxisi qo‘yilib, hayotiy ko‘rsatma sababli 29 may kuni kech soat 2:00 da homilador ayolning yaqin qarindoshlari roziligi bilan kesarcha – kesish operatsiyasi o‘tkazilgan. O‘g‘il homila operativ yo‘l bilan tug‘dirilgan. Ona va bolaning ahvoli yaxshi bo‘lib, operatsiyadan so‘ng tug‘uruq bo‘limida kuzatuvda bo‘lgan.

6 iyun kuni soat 15:10 da bemor M.Ya. Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasi jonlantirish bo‘limida “Ilk chilla davri. Kesar-kesish operatsiyasidan keyingi holat. O‘tkir o‘pka-yurak yetishmovchiligi. Poliorgan yetishmovchiligi” tashxisi bilan vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan 2022 yil 6 iyun kuni Kattaqo‘rg‘on shahar prokuraturasi tergovchisi va tezkor tergov guruhi a’zolari hodisa joyiga chiqib, hodisa joyini ko‘zdan kechirishgan va M.Ya.ning o‘limi sababini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiyot ekspertizasi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga xizmat tekshiruvi tayinlanib, ishga aloqador shaxslardan tushuntirish xatlari olingan.

Ushbu holat yuzasidan shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid