O‘zbekiston | 21:34 / 08.07.2022
75064
5 daqiqa o‘qiladi

Taksichilar uzoq kutgan yangilik: Nimalar o‘zgardi?

2022 yil 1 sentabrdan boshlab kirakashlar ham o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar toifasiga qo‘shiladi. Xo‘sh, bu yangilik taksichilarga nima beradi? Kun.uz yangi tartib bilan nimalar o‘zgarishi haqida ma’lumot beradi.

Ayni paytda 70 ga yaqin faoliyat turi bilan shug‘ullanuvchilar o‘zini o‘zi band qiluvchilar ro‘yxatiga kiritilgan. Endilikda bu ro‘yxatga taksichilik faoliyati ham qo‘shilmoqda.

O‘zini o‘zi band qilishning asosiy jihatlarini sanab o‘tsak:

  • O‘zini o‘zi band qilganlar topayotgan daromadidan soliq to‘lamaydi.
  • Mehnat staji hisoblanishi uchun ixtiyoriy ravishda bir yil mobaynida kamida 1 BHM miqdorda ijtimoiy soliq to‘lashi mumkin. Hozirda bu mablag‘ 300 ming so‘mni tashkil etadi. Ya’ni bir yilda shuncha mablag‘ni ixtiyoriy ravishda to‘lab bir yillik stajga ega bo‘lish mumkin – bu majburiy to‘lov emas.
  • Xodimlarni jalb qila olmaydi va ish beruvchiga ega bo‘lmaydi.

Har oylik 450 ming so‘mlik soliq yiliga 300 ming so‘mga tushirildi

Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Shuhrat Ismoilov yangi tartib bilan nimalar o‘zgarayotganini amaldagi tartib bilan solishtirgan holda tushuntirib berdi.

“2021 yilda prezidentning 5108 sonli qaroriga muvofiq, dastlabki qadam tashlangandi. Ya’ni dastlab taksichilik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun yakka tartibdagi tadbirkorga ham ruxsat berilgandi. Lekin YaTT sifatida taksichilik bilan shug‘ullanganda har oy qat’iy belgilangan daromad solig‘i bilan birga bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari – 300 ming so‘m soliqqa pul to‘lardi. Bu har oyda – 450 ming so‘m xarajat degani.

Yangi tartibga ko‘ra, taksichilik faoliyati ham o‘zini o‘zi band qilganlar ro‘yxatiga qo‘shildi. Qonunchilikda o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar daromad solig‘idan ozod qilingan. Endi ular qat’iy belgilangan daromad solig‘i to‘lamaydi, faqatgina ijtimoiy soliqni har oyda emas, bir yilda bir marta to‘laydi, bu summa miqdori 300 ming so‘mni tashkil etadi. Oldin YaTT sifatida faoliyat yuritganda har oy to‘lagan solig‘ini hozir o‘zini o‘zi band qilgan holda bir yilda bir marotaba to‘lashi mumkin.

Bundan tashqari, tibbiy ko‘rikdan o‘tish ham har oy edi, endi bir yilda bir marotaba tibbiy ko‘rikdan o‘tishi belgilanadi. Shuningdek, avtomobil ham hozirgidek har oyda emas, bir yilda bir marta texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi yetarli”, – dedi Kun.uz bilan suhbatda DSQ boshqarma boshlig‘i.

Soliq qo‘mitasi mas’uli litsenziya olish masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

“Lisenziya masalaga kelsak, taksichilik litsenziyalanadigan faoliyat turlarida bor. Shuning uchun litsenziya to‘lovi bir yilda BHMning bir barobari, ya’ni 300 ming so‘m etib belgilanadi.

Agar men o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyat yuritmoqchi bo‘lsam, soliq organiga borgan holda yoki o‘zim mustaqil mobil ilova orqali o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishim kerak bo‘ladi (ro‘yxatdan o‘tish bepul). Shundan keyin BHMning bir barobarini bir yilda bir marta to‘lab, bir yillik stajga ega bo‘lishim mumkin. Lekin bu ham ixtiyoriy ravishda. Ko‘pchilik to‘layapti, chunki ertaga pensiyaga chiqishi kerak”, – tushuntirdi u.

Taksi qilish xarajatlari: byurokratiya va xarajatlar qisqargani – bitta jadvalda

Transport vazirligi Kun.uz'ga yangi tartib bilan soliqlar va yig‘imlarda qanday o‘zgarishlar bo‘lishi aks etgan jadvalni taqdim etdi.

Madina Ochilova,
Abdusalim Abduvohidov,
Kun.uz

Mavzuga oid