Jahon | 11:13 / 28.07.2022
7892
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning aksariyat hududlarida «Sputnik Layt» vaksinasi tugab qoldi

Rossiyalik shifokorlar SARS-CoV-2 koronavirusiga qarshi qayta emlashni «Sputnik Layt» bilan emas, balki oddiy vaksinaning tarkibiy qismlaridan biri bilan amalga oshirishni taklif eta boshladi, deb yozadi «Kommersant».

Foto: TASS

Rossiyaning aksariyat hududlarida COVID-19’ga qarshi «Sputnik Layt» bir komponentli vaksinaning keskin tanqisligi kuzatilmoqda, deb yozadi «Kommersant». Nashr ma’lumotiga ko‘ra, hududiy poliklinikalar xodimlari «Layt» o‘rniga «Sputnik V»ning birinchi komponenti bilan buster emlashni taklif qilyapti, sababi «Sputnik Layt» tugab qolgan.

Nashr jurnalistlari Amur, Saratov, Irkutsk, Ulyanovsk oblastlari, Buryatiya, Sankt-Peterburg, Moskva, shuningdek, RF tomonidan annexia qilingan Qrim hududida «Layt» bilan qayta emlash uchun ro‘yxatga yozila olmadi. Kursk oblasti ma’muriyatida jurnalistlarga «Sputnik Layt» cheklangan miqdorda mavjudligini aytdi, Xabarovsk o‘lkasi Sog‘liqni saqlash vazirligidagi suhbatdoshlar esa mintaqada «Sputnik»ning barcha turlari mavjudligiga ishontirgan, ammo federal Sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiyalarini keltirishgan, unga ko‘ra revaksinatsiya «Sputnik V»ning birinchi komponent bilan amalga oshirilishi mumkin.

Rossiya rasmiylari bayonotiga ko‘ra, «Sputnik Layt» aynan buster emlashlar uchun vaksina sifatida ishlab chiqilgan, u faqat bitta emlash bilan kerakli antitanachalar titrini saqlab qolish imkonini beradi. Vaksina taqchilligi sharoitida mas’ul idoralar vakillari «Layt» alohida vaksina sifatida ro‘yxatga olingan bo‘lsa-da, aslida «Sputnik V»ning birinchi komponentidan farq qilmaydi, degan bayonotlarni tarqata boshladi. «Kommersant» suhbatdoshlari so‘zlariga ko‘ra, bu qaror qayta emlashni xohlovchilar uchun «vaqtinchalik to‘siq» bo‘lgan – Rossiyada ma’lum bir paytda oddiy «Sputnik»ning ikkinchi komponentini ishlab chiqarish bilan bog‘liq muammolar yuzaga keldi, shu bois bu vaksinadan foydalanmaslikka ishontirish kampaniyasi o‘tkazilgan.

Shu bilan birga, iyul oyi oxirida RF Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh infeksionisti Vladimir Chulanov fuqarolarni qayta emlashga chaqirdi, sababi Rossiyada SARS-CoV-2 koronavirusi bilan kasallanganlar keskin ko‘paymoqda. 27 iyuldagi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan bir sutka davomida mamlakatda 9027 ta infeksiyani yuqtirib olish holati aniqlangan. 

Kasallikning bunday ko‘payishi 22 apreldan beri birinchi marta kuzatildi. Eng ko‘p yangi holatlar Moskvada aniqlangan - 3673 ta. 

Iyul oyi oxiriga kelib dunyo bo‘ylab kasallanganlar soni 570 million kishidan oshdi. AQSh prezidenti Jo Bayden ham virusni yuqtirib oldi, u kasallikni yengil shaklda o‘tkazdi. Rossiyada, infeksiyaga qarshi kurash bo‘yicha tezkor shtab ma’lumotiga ko‘ra, COVID-19 18 554 036 kishida aniqlandi, ulardan 382 272 kishi vafot etdi. 

Mavzuga oid