O‘zbekiston | 08:25 / 24.08.2022
34581
7 daqiqa o‘qiladi

“Samolyot boshqarish Toshkentda mashina boshqarishdan oson” - uchuvchi hikoyasi

Qudratilla Abdusattorov 10 yildan beri UzAirways'da uchuvchi bo‘lib ishlaydi, “Boeing 787 Dreamliner” samolyotini boshqaradi. U Kun.uz bilan suhbatda uchuvchi bo‘lish uchun qanday yo‘llarni bosib o‘tgani, kasbining qiziq jihatlari va esda qolarli voqealar haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, uchuvchilarga hech qayerda berilmagan savollarga javob berdi.

Uchuvchilik va “Dreamliner” orzusi haqida

— Uchuvchilar sulolasidanman. Uchuvchi bo‘lishimga shu kasbda uzoq ishlab pensiyaga chiqqan rahmatli bobom sababchi bo‘lgan. Dadam ham shu kasbda ishlab nafaqaga chiqqan. Yoshligimdan uchuvchi bo‘lishga qiziqish bo‘lgan va o‘qib harakat qilganman.

2016 yildagi katta o‘zgarish “Boeing 787 Dreamliner” samolyoti keldi. Bu biz uchun katta o‘zgarish bo‘lgan, bungacha men “Il-14” samolyotida uchardim. “Drimlayner”ni orzu qilganman, 114dan keyin “Boeing 757” va “767” samolyotlarida uchganman. Ulardan keyin mana “Dream” samolyotlarida uchish orzumga yetdim. Yana bir orzum – shunaqa katta samolyotlarda kema sardori bo‘lib uchish.

11 yil maktabni o‘qigandan keyin tibbiy ko‘rikdan o‘tganmiz. Keyin psixologiya tekshiruvlaridan o‘tgach, 3ta – matematika, rus tili va ingliz tili fanlaridan imtihon topshirganmiz. Imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgach, 2007 yilda Sankt-Peterburg milliy fuqarolik aviatsiya universitetiga o‘qishga ketganmiz. 5 yillik o‘qishni bitirib, 2012 yilda O‘zbekiston aviakompaniyasiga ishga joylashganmiz.

Maoshga keladigan bo‘lsak, kompaniya har bir uchuvchi bilan shartnoma tuzadi va o‘sha shartnomadagi kelishuvlar bo‘yicha bizga maosh ajratiladi. Aynan summasiga keladigan bo‘lsak, buni aytolmayman.

Ilk parvoz – hayajon va qo‘rquvni yengish

— Birinchi parvozim kursant paytimda Urganch aeroportida bo‘lgan. Hayajon va qo‘rquv albatta bo‘lgan, yengishga keladigan bo‘lsak, birinchi parvozda qo‘rqqanmiz ham, hayajon ham bo‘lgan – bular sekin-asta vaqt mobaynida o‘tib ketgan.

Uchuvchi uchun eng qiyin va eng yaxshi damlar

Har bitta reysdan zavqlanaman. Samolyotni yumshoq qo‘ndirganda yo‘lovchilar minnatdorchilik bildirganidan katta motivatsiya olaman.

Ishimning eng qiyin jihatlari – tizimda nosozlik ro‘y berib qolishi mumkin, bir joyga uchib ketayotgan bo‘lsak, ob-havo yaxshi bo‘lmasligi mumkin... O‘zimdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, unaqa nosozliklar bo‘lmagan. Bunday vaziyatlarni bartaraf etishni mashg‘ulotlarda mashq qilamiz.

Sayohatga vaqt berilmaydi

— Ko‘p davlatlarni ko‘ramiz. Lekin sayohat qilishga vaqt bo‘lmaydi. Estafetada qoladigan reyslar kamroq. Borganingizdan keyin kechasi dam olib, ertalab qaytishingizga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun ko‘p vaqtimizni dam olishga sarflaymiz. Eng uzoq parvoz Amerikaga: 11 soat-u, 50 daqiqa davom etadi.

Uchuvchi hammasiga tayyor bo‘lishi kerak

— Favqulodda holat bo‘lib qolsa, shoshmasdan kema sardori bilan kelishilgan holda nima texnik muammo ekaniga qarab, shu amallarni bajaramiz. Chunki uchuvchilar qanaqa favqulodda holat bo‘lishidan qat’i nazar, har doim hammasiga tayyor bo‘ladi.

Tirband Toshkent ko‘chalarida mashina boshqargandan ko‘ra, samolyot boshqarish oson men uchun. Chunki tirbandlik bo‘lmaydi.

Samolyotning signali bo‘ladimi?

— Yo‘lovchilar bergan eng qiziq savol – samolyotda signal bor yoki yo‘qligiga oid bo‘lgan. Bu savolni menga bir yo‘lovchi bergan edi. Uning gapiga tushunmasdan, qanaqa signalni so‘rayapsiz deganimda, “mashinada bo‘ladi-ku, bosganda pap etadi” deb javob bergan. Men samolyotda bunaqa signal bo‘lmasligini aytganman.

Eng qiziq va g‘alati savol shu bo‘lgan. Umuman, menga eng ko‘p “maoshingiz qancha” degan savolni berishadi.

Kema sardori bo‘lish uchun nima qilish kerak?

— Kema sardori bo‘lish uchun tajriba yig‘ish kerak. Bundan tashqari, bizdan yuqori turadigan xo‘jayinlarimiz bor: bilimimizni, uchish jarayonida malakamizni kuzatib borishadi. Shundan so‘ng, ikkinchi uchuvchi kema sardori bo‘lishga tayyorlik haqida taklif bergandan so‘ng, topshiriladigan imtihonlari bor. Shu imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgach, kema sardori bo‘lish mumkin.

Bizning sohada til bilish 100 foiz muhim, chet davlatlarga borganda dispetcherlar bilan to‘liq ingliz tilida muloqot qilamiz.

Nega reyslar kechikadi?

— Reyslarimiz ayrim sabablarga ko‘ra kechikadi. Serqatnov aeroportlarda reyslar juda ko‘p bo‘ladi. Hamma samolyotga chiqib eshiklar yopilgandan keyin ayrim yo‘lovchilar “nega uchmayapmiz, nimani kutyapmiz?” deb e’tirozlar bildirishadi. Uchishga dispetcher xodimlari tomonidan ruxsat olamiz, serqatnov bo‘lgani uchun bizdan oldinda kutib o‘tirganlar ham bo‘ladi.

Har bir samolyotga vaqti kelishi bilan uchishga ruxsat beriladi. Serqatnov davlatlarda boshqa samolyotlar uchayotgan va qo‘nayotgan bo‘lishi mumkin. Shu holatlarda kutishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Biz uni ataylab qilmaymiz.

Ba’zan ayrim yo‘lovchilar turli sabablarga ko‘ra reysdan yechiladi. Tasavvur qiling, samolyotda 270 yo‘lovchi bo‘lsa, bir yo‘lovchini reysdan yechish uchun uning bagajini shuncha yuklar ichidan topishga va yo‘lovchi reysdan yechilgani haqida akt tuzishga to‘g‘ri keladi. Bunga ham ancha vaqt ketadi. Keyin biz uchish jarayonini davom ettiramiz.

Ayrim yo‘lovchilar bo‘ladi, o‘zidan-o‘zi kelib “uchgim kelmayapti, oyog‘im tortmayapti” deydi – bunday hollar tajribamda ko‘p kuzatilgan. Ayrim hollarda ob-havo tufayli ham reys kechikadi.

Uchuvchilikka qiziqqan yoshlarga: o‘qing, intiling va takrorlang

— Bu sohaga qiziqqan yoshlarga maslahatim: harakat qilishsin, yaxshi o‘qishsin.

Inson o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi sari intilsa, Xudoyim beradi. Avvalambor, har bitta odamning o‘ziga bog‘liq. Uchuvchi bo‘lishim oson bo‘lmagan, faqat orzu qilib erishib bo‘lmaydi. Biz ham harakat qilganmiz, o‘qiganmiz; hozir ham tibbiy ko‘riklardan o‘tib turamiz, sog‘likni asrash kerak. Eng muhimi, bitta joyda to‘xtab qolish kerak emas, intilib bilmaganini bilish, bilgan narsasini qaytarib turish kerak.

Kasb oson emas, yelkamizning orqasida shuncha yo‘lovchilarimiz turadi, har birining hayotiga javobgarmiz.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Operator va montaj ustasi – Muhiddin Qurbonov

Mavzuga oid