Jahon | 09:45 / 03.09.2022
24246
4 daqiqa o‘qiladi

AQShda Trampdan topilgan maxfiy fayllar ro‘yxati e’lon qilindi

FQB tintuvlar davomida sobiq prezidentning qarorgohida turli xil maxfiylik tasnifiga ega yuzdan ortiq hujjatlarni topdi. 

Foto: Reuters

Federal qidiruv byurosi (FQB) AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning qarorgohini tintuv qilish chog‘ida «yashirin», «maxfiy» va «o‘ta maxfiy» deb tasniflangan o‘nlab hujjatlarni topdi, deyiladi Florida janubiy okrugi sudi tomonidan 2 sentabr, juma kuni e’lon qilingan ro‘yxatda.

Umuman olganda, Trampdan topilgan 11 mingdan ortiq turli hukumat hujjatlaridan 18 tasi «o‘ta maxfiy», 54 tasi «maxfiy» va 31 tasi «yashirin» deb belgilangan. «O‘ta maxfiy» yorlig‘i foydalanishning eng yuqori darajasi bo‘lib, u Qo‘shma Shtatlarning «eng maxfiy sirlari» uchun mo‘ljallangan, deya qayd etadi Reuters. 

Bundan tashqari, maxfiy ma’lumotlar deb belgilangan 48 ta bo‘sh papka, yashirin deb hisoblangan 40 ta bo‘sh papka aniqlangan. Musodara qilingan hujjatlar ro‘yxatida ham, AQSh Adliya vazirligining qo‘shimcha xatida ham papkalarning yo‘qolgan mazmuni topilgan yoki topilmagani ko‘rsatilmagan, deb yozadi The New York Times. 11 000 dan ortiq maxfiy bo‘lmagan davlat hujjatlari va fotosuratlari ham topilgan. 

Foto: AQSh Adliya vazirligi

E’lon qilingan ro‘yxatga ko‘ra, maxfiy hujjatlar kundalik narsalar bilan aralashtirib, tasodifiy saqlangan. Shu tariqa, bitta qutidan 2008-2019 yillar davomidagi 30 dona gazeta parchalari, uchta «kiyim», bir kitob, 11 dona «yashirin» va 21 dona «maxfiy» belgisi bor hujjat topildi. 

Sud tomonidan e’lon qilingan hujjatlarda qayd etilishicha, Trampning fayllar bilan ishlash holati «davom etayotgan jinoiy tergov» mavzusi bo‘lib qolmoqda. 

Sobiq prezident himoyasi fayllarni tahlil qilishda mustaqil advokatni jalb etishni talab qilganidan so‘ng, sud Trampning qarorgohidan olingan hujjatlarning batafsil ro‘yxatini chiqarishga qaror qildi. Prokuratura bu harakatga qarshi chiqdi. NYT ma’lumotlariga ko‘ra, sud hozircha chetdan ekspert jalb qilish imkoniyatini saqlab qolgan va bu masala bo‘yicha «o‘z vaqtida» yozma qaror qabul qilishga va’da bergan. 

FQB avgust oyi boshida Trampning Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohida tintuv o‘tkazdi. Keyinchalik maxsus xizmatlardagi anonim agent o‘z ko‘rsatmalarida tushuntirishicha, FQB sobiq prezident yanvar oyida AQSh Milliy arxivlar va hujjatlar boshqarmasi so‘roviga ko‘ra barcha maxfiy hujjatlarni qaytarmagan deb gumon qilgan. 

O‘sha paytda Trampdan 15 quti hujjatlar, jumladan «maxfiy» deb belgilangan va «milliy xavfsizlik ma’lumotlari» bo‘lgan fayllarni olgandan so‘ng, FQB maxfiy hujjatlar nima uchun olib chiqib ketilganini va buning uchun mos bo‘lmagan joyda saqlanganini aniqlash uchun ish ochgan, deyiladi agentning guvohlik ko‘rsatmasida.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, maxsus xizmat Tramp qarorgohida boshqa maxfiy fayllar saqlanib qolganiga «ehtimoliy asoslar bor» degan xulosaga kelgan. Sud order berish haqidagi so‘rovni ma’qullaganidan so‘ng, FQB qarorgohda tintuv o‘tkazgan.

AQSh ommaviy axborot vositalarining yozishicha, reyd davomida topilgan ba’zi materiallar o‘ta maxfiy deb tasniflangan va AQSh razvedka ma’lumotlarini yig‘ish usullari haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilishi mumkin bo‘lgan. Tergovga yaqin bo‘lgan The Washington Post manbalari bu ma’lumotni Qo‘shma Shtatlarning «eng maxfiy sirlaridan biri» deb atadi. 

Mavzuga oid