Sport | 09:24 / 12.09.2022
13022
2 daqiqa o‘qiladi

19 yoshli Karlos Alkaras US Open tennis turnirida g‘olib bo‘ldi

Ispaniyalik Karlos Alkaras o‘z faoliyatidagi ilk «Katta dubulg‘a»da g‘olib chiqdi va 19 yoshida tarixdagi dunyoning eng yosh birinchi raqamli tennischisiga aylandi. 

Foto: Reuters

Ispaniya tennisining yangi yulduzi, 19 yoshli Karlos Alkaras 11 sentabr, yakshanba kuni tennis bo‘yicha AQSh ochiq chempionati (US Open) finalida norvegiyalik Kasper Ruudni mag‘lub etdi va tarixda dunyoning eng yosh birinchi raketkasiga aylandi. 

Alkarasdan oldin erkaklar tennisida birinchi raqamli sportchi rossiyalik 26 yoshli Daniil Medvedev edi. Biroq u 1/8 finalda gretsiyalik sportchi Nik Kirosga yutqazib, muhim ochkolarni boy berdi. 

Hozirgacha avstraliyalik Lleyton Hyuitt 1993 yildan buyon ATP jahon reytingida eng yosh 1-raqamli tennischi bo‘lib kelayotgandi - u bu muvaffaqiyatga 20 yosh-u 9 oyligida erishgan. 

Shu bilan birga, Alkaras 1968 yilda professional tennisga asos solinganidan beri AQSh ochiq chempionatida g‘olib chiqqan ikkinchi o‘smirga aylandi. Ilgari xuddi shunday natijani 1990 yilda 19 yoshida ushbu turnirda g‘olib chiqqan amerikalik sportchi Pit Sampras ko‘rsatgan edi. 

Ispaniyalik tennischi «Katta dubulg‘a»ning eng yosh sovrindorlaridan biriga aylandi. 2005 yilda uning vatandoshi, o‘sha paytda 19 yoshda bo‘lgan Rafael Nadal Parijdagi «Rolan Garros» turnirida g‘olib chiqqan. 

AQSh ochiq chempionatida g‘alaba qozonib, Alkaras o‘zining birinchi «Katta dubulg‘a» musobaqalari doirasidagi titulini qo‘lga kiritdi. Ushbu g‘alaba uchun pul mukofoti 2,6 million dollarni tashkil etdi. 

Turnirning finali Nyu-Yorkdagi Arthur Ashe Stadium’da o‘tkazildi va unga 24 mingga yaqin tomoshabin tashrif buyurdi. Uchrashuv boshlanishidan oldin 2001 yil 11 sentabr terakti qurbonlari xotirasiga bir daqiqalik sukut saqlandi. 

Mavzuga oid