Sport | 18:17 / 18.09.2022
17794
2 daqiqa o‘qiladi

«Arsenal» yirik g‘alabaga erishib, birinchi o‘ringa qaytdi

Angliya chempionatining 8-turida «Arsenal» mehmonda «Brentford» darvozasiga javobsiz 3 ta gol urdi.

Avvaliga Saka burchak zarbasini ijro etganida himoyachi Saliba boshi bilan darvozani ishg‘ol etib, hisobni ochdi. Bo‘lim davomida Jyezus Chakaning havolatib bergan uzatmasiga boshi bilan aniq zarba yo‘llab, jamoasi ustunligini oshirdi.

Ikkinchi bo‘limda esa shu kuni ilk bor boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgan Fabiu Viyeyra uzoq masofadan kuchli zarba yo‘llab, hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi, unga ham Saka assistentlik qildi. 

«Arsenal» ochkolari sonini 18 taga yetkazib, peshqadamlikka qaytdi. «Brentford» 9 ochko bilan 9-pog‘onada qoldi.

O‘yinning 90+2-daqiqasida tarixiy voqea kuzatildi. Londonliklar bosh murabbiyi Mikel Arteta zaxiradan 15 yosh-u 181 kunlik bo‘lgan Etan Nvanerini maydonga tushirdi. 

Natijada ushbu yarimhimoyachi APL tarixidagi eng yosh futbolchiga aylandi. Bungacha bu rekord «Fulhem» safida 16 yosh 30 kunligida debyut qilgan, hozirda «Liverpul»da o‘ynayotgan Harvi Elliottga tegishli edi.

APL. 8-tur
Brentford — Arsenal 0:3
18 sentabr, «Brentford Komyuniti»

Gollar: Saliba (17), Jyezus (28), Viyeyra (49).
Brentford – Rayya, Xiki, Mi, Yansson, Ayyer, Genri, Yyensen (Baptist, 69), Dasilva (Damsgor, 63), Yanelt (Oneka, 63), Touni, Mbemo (Vissa, 76). 
Arsenal – Remsdeyl, Uayt (Tomiyasu, 86), Gabriel, Saliba, Tirni, Jaka, Parti (Lokonga, 78), Viyeyra (Nvaneri, 90+2), Saka (Markinos, 90+2), Jyezus, Martinelli (Nketia, 78).
Ogohlantirishlar: Jaka (58), Jyezus (90).

Mavzuga oid