O‘zbekiston | 00:10 / 03.10.2022
16013
2 daqiqa o‘qiladi

Karmana tumani hokimi hayfsan oldi, Navoiy shahri hokimi ogohlantirildi

Karmana tumani hokimi Faxritdin Umarov oldinroq turizm sohasi bo‘yicha prezident o‘tkazgan yig‘ilishda ishdan olinib, uch oy sinov muddati berilgandi. Bu safar unga o‘ziga yuklatilgan vazifalar ijrosini bajarishda xatoga va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun viloyat rahbari tomonidan intizomiy jazo qo‘llandi.

Karmana tumani hokimi Faxritdin Umarov

Navoiy viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Normat Tursunov farmoyishi bilan Karmana tumani hokimi Faxritdin Umarovga hayfsan berildi, Navoiy shahar hokimi Murodxon Egamqulov esa ogohlantirildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Faxritdin Umarov ish faoliyati davomida o‘ziga yuklatilgan vazifalar ijrosini ta’minlashda yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari, mehnat va ijro intizomini buzganligi, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish, parvarishlash va o‘z vaqtida yig‘ib olishga doir Hukumat qarorlari ijrosini to‘g‘ri tashkil etmaganligi uchun intizomiy jazoga tortilgan.

Navoiy shahar hokimi Murodxon Egamqulov

Navoiy shahar hokimi Murodxon Egamqulov esa “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘larini samarali ishlatishda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan hamda kelgusida bu kabi holat takrorlansa keskin intizomiy jazo chorasi qo‘llanishi bo‘yicha ogohlantirilgan.

Mavzuga oid