Jahon | 15:37 / 10.10.2022
23958
3 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko Belarusda rus qo‘shinlari joylashtirilishini e’lon qildi

«Ittifoq davlatining g‘arbiy chegaralarida vaziyat keskinlashgani munosabati bilan» Belarus va Rossiya prezidentlari qo‘shinlarning mintaqaviy guruhlarini joylashtirish bo‘yicha kelishib olgan.

Foto: BelTA

Rossiya qo‘shinlari Belarusga joylashtiriladi. Bu haqda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko ma’lum qildi.

«Ittifoq davlatining g‘arbiy chegaralarida vaziyat keskinlashgani munosabati bilan Rossiya va Belarusning mintaqaviy guruhlarini joylashtirish bo‘yicha kelishib oldik. Agar tahdid darajasi hozirgi kabi yuqori bo‘lsa, biz Ittifoq davlatlari guruhlaridan foydalanishni boshlaymiz.

Avval aytganimdek, bu guruhning asosi Belarus armiyasi bo‘ladi. Guruhlarni shakllantirish boshlanganidan sizlarni xabardor qilmoqchiman. Jarayon ikki kundan buyon davom etmoqda. Guruhlarni tuzish bo‘yicha men topshiriq berganman», dedi u.

Lukashenko Ittifoq davlati deb Belarus hamda Rossiyani nazarda tutmoqda. Bu ikki davlat o‘zaro integratsiya (birlashish) bo‘yicha ko‘p yillardan buyon uchrashuvlar o‘tkazib kelmoqda va diplomatik ko‘rinishda birlashishni Ittifoqchi davlat deb atab kelishadi.

Belarus prezidenti Ittifoq davlati harbiy guruhini tuzish jarayonida Rossiyadan ko‘p qo‘shin to‘planishiga umid qilmayotganini aytgan: «Bilasiz, hozir ularning muammosi o‘ziga yetarli, shu sabab Rossiyadan ko‘p harbiy kelishiga ishonchim komil emas. Ammo bu ming kishigina keladi degani emas», deydi Lukashenko.

U mamlakat mudofaa vaziriga Rossiyadan keladigan qo‘shinlarni qabul qilib, joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

Lukashenko yana bir bor Ukraina hududida Belarusga zarba berishga tayyorlanishgani haqida gapirdi: «Norasmiy kanallar orqali Belarusga Ukraina hududi orqali zarba berilishidan ogohlantirishdi. Ular «Shunday qilamizki, bu «Qrim ko‘prigi-2» bo‘ladi, degan emish. Ukraina prezidenti va boshqalarga aytib qo‘yinglar: bir qarich yerimizga qo‘llarini tekkizishsa, Qrim ko‘prigi ularga gulchaday ko‘rinib qoladi, dedim. Bu sizlarning vazifangiz, mening gaplarimni buyruq deb qabul qiling», dedi Lukashenko harbiylarga.

Uning aytishicha, G‘arb Ukrainani Belarus bilan urushga chorlamoqda, Ukrainada Belarusga zarba berish borasida reja ham tuzilgan. Lukashenkoning fikricha, «muvaffaqiyatlaridan ruhlangan Ukraina» hamma bilan urushmoqchi.

Avvalroq Belarus prezidenti mamlakat Rossiya tomonidan Ukrainada o‘tkazilayotgan «maxsus harbiy amaliyot»da ishtirok etayotganini tan olgan, lekin Belarus harbiylari hech kimni o‘ldirmayotganini ta’kidlagandi.

Ukraina urush boshlanganidan buyon Kiyevga rus qo‘shinlari aynan Belarus hududidan kirib kelgani, bu mamlakat hududidan esa Ukraina tomonga ko‘plab raketa zarbalari berilganini aytib keladi.

Mavzuga oid