Jahon | 10:44 / 17.10.2022
7844
4 daqiqa o‘qiladi

OAV: Eron Rossiyaga ballistik raketalar yetkazib berishga tayyor

AQSh razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Eronda Rossiya uchun mos ravishda 300 va 700 km masofadagi nishonlarni urib tushirishga qodir Fateh-110 va Zolfaghar qisqa masofali raketalarining birinchi partiyasi tayyorlanmoqda, deb yozadi The Washington Post.

Foto: defence-ua

Eron Rossiyaga Ukraina shaharlariga havo hujumlari uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan qurol yetkazib berishni rejalashtirmoqda. Bu haqda amerikalik rasmiylarga tayanib, 16 oktyabr, yakshanba kuni The Washington Post gazetasi yozmoqda.

Nashrning yozishicha, 18 sentabrdayoq Tehron qo‘shimcha qurol-yarog‘, jumladan, ikki turdagi Eronning «yer-yer» sinfidagi raketalarini yetkazib berish shartlarini kelishish maqsadida rasmiylarni Moskvaga yuborgan. AQSh razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Eron qurol-yarog‘ sanoati allaqachon Fateh-110 va Zolfaghar raketalarining birinchi partiyasini tayyorlamoqda, ular mos ravishda 300 va 700 km masofadagi nishonlarni urib tushirishga qodir qisqa masofali ballistik raketalardir. Agar bu amalga oshsa, ushbu holat urush boshlanganidan beri Rossiyaga bunday raketalarning birinchi yetkazib berilishi bo‘ladi.

Bundan tashqari, Eron Rossiyaga uchuvchisiz uchish apparatlarining yangi partiyasini jo‘natishga tayyorlamoqda, ular orasida o‘nlab qo‘shimcha Mohajer-6 va yanada ko‘proq Shahed-136 bor. Bu qurilmalar yerdagi nishonlarni yo‘q qilishga mo‘ljallangan bo‘lib, 2500 kmgacha masofada portlovchi moddalarni yetkazib berishga qodir kamikadze dronlar hisoblanadi. So‘nggi haftalarda eronlik texnik maslahatchilar Rossiya nazorati ostidagi hududlarga borib, dronlarni qanday boshqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan. AQSh razvedka idoralari, shuningdek, Rossiya va Eron rasmiylari Eronning Rossiyaga qurol-yarog‘ yetkazib berishi haqidagi xabarlarga izoh berishdan bosh tortdi.

So‘nggi haftalarda Ukrainada ko‘plab Eron uchuvchisiz uchoqlari urib tushirilganiga qaramay, rus harbiylari ularni qayta bo‘yamoqda va rus tilida nomlashmoqda - shuning uchun Shahed-136  Geran-2'ga aylandi - Islom Respublikasi rasmiylari Rossiyaga qurol-yarog‘ yetkazib berilayotganini qat’iyan rad etishmoqda. 7 oktyabr kuni Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amirabdullohyan finlandiyalik hamkasbi bilan suhbatda yana bir bor Eron Rossiya va Ukrainaga nisbatan betaraf qolishini, chunki u mojaroni siyosiy yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanini ta’kidladi. «Ba’zi davlatlar Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatgan bo‘lsa-da, biz Ukrainaga qarshi urushda foydalanish uchun Rossiyaga hech qachon qurol yubormaganmiz va yubormaymiz, chunki bu inqirozni siyosiy yo‘l bilan hal qilish kerak deb hisoblaymiz, har ikki tomonga qurolli yordam ko‘rsatish tinchlikni keyinga suradi», dedi tashqi siyosat idorasi rahbari.

Eron singari, Rossiya ham G‘arb ommaviy axborot vositalarining Eron qurollari yetkazib berilgani haqidagi ma’lumotlarini har tomonlama rad etyapti. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunday xabarlarni «soxta axborot chiqarilishi» deb atadi.

10 va 11 oktyabr kunlari Ukraina shaharlariga uyushtirilgan ommaviy hujumlarda faol ishtirok etgan Eron dronlarining jangovar zonada paydo bo‘lishi aniqlanganidan so‘ng Kiyev Tehron bilan diplomatik aloqalarini uzdi.

Mavzuga oid