O‘zbekiston | 14:46 / 18.10.2022
34743
5 daqiqa o‘qiladi

UzAuto Motors'ga olibsotarlik bilan shug‘ullanishi uchun yashirincha imtiyoz berilgani tasdiqlandi

UzAuto Motors har bir Malibu-2'ning ustiga 10 ming dollar “mindirib” pullayotganini rad etdi, lekin narxlar masalasida birorta ham fakt va raqamni ochiqlay olmadi, savollarni esa yana odatdagidek javobsiz qoldirmoqda. Kompaniya bayonotidan ko‘rinadiki, UzAuto Motors xorijdan olib kelayotgan avtomobillari uchun haqiqatan ham import boji to‘lamayapti.

Foto: UzAuto Motors

UzAuto Motors kompaniyasi Kun.uz saytida e’lon qilingan “UzAuto Motors har bir Malibu-2’ning ustiga 10 ming dollar «mindirib» pullayaptimi?” sarlavhali maqolaga munosabat bildirdi.

Munosabatda kompaniya Janubiy Koreyadan yiliga 2900 dona Malibu avtomobilini import qilishi aytilgan, lekin bu mashinalar qanchadan sotib olinayotgani ochiqlanmagan.

Avvalroq, davletovuz Telegram-kanali havola qilgan shartnoma ilovasida qariyb 63,5 mln dollarlik bitim tuzilgani keltirib o‘tilgandi. Demak, UzAuto Motors GM Korea Company'dan har bir avtomobilni 21 891 dollardan (chunki umumiy shartnoma summasi 63,5 mln dollar) xarid qiladimi? Bunga aniqlik kiritilmagan.

Bundan tashqari, “mahalliy avtogigant” (kompaniya o‘zini shunday atagan) bayonotiga ko‘ra, qimmatbaho avtomobillarni sotishdan olingan daromad arzonroq modellarni ishlab chiqarish xarajatlarini qisman qoplaydi va narxlar o‘sishini ushlab turadi. Bu ma’lumot esa yillar davomida mahalliylashtirish bilan shug‘ullanib kelgan ishlab chiqaruvchi tannarxni baribir pasaytirolmagani, bu boradagi topshiriqlarni bajarolmagani, eng arzoni 11 200 dollardan sotilayotgan Cobalt va 11 800 dollardan sotilayotgan Lacetti-Gentra kabilar aslida bundan ham qimmatga tushayotgan bo‘lishi mumkinligini anglatadi.

Boz ustiga, UzAuto Motors avtomobillarining nafaqat narxi, balki assortimenti eskirgani, ishonchliligi, xavfsizligi va ekologik tozaligiga nisbatan ham iste’molchilarda e’tirozlar juda ko‘p.

Kompaniya, shuningdek, dunyoda o‘z avtomobillarini 100 foiz mahalliylashtirishni ta’minlagan birorta ham ishlab chiqaruvchi yo‘qligini ta’kidlab o‘tgan.

“Komponentlar importiga kelsak, shuni tushunish kerakki, avtomobil ishlab chiqarish jarayoni eng yuqori texnologiyali va qimmatga tushadi, zarur xomashyo mavjud bo‘lganida ma’lum bir ehtiyot qismlarni ishlab chiqarish maqsadga muvofiqligi uchun katta talabni kafolatlash kerak”, deyiladi rasmiy munosabatda.

O‘zbekistonda hozirgi kunda ishlab chiqarilayotgan avtomobillarga kerak bo‘ladigan ehtiyot qismlarining necha foizi mahalliylashtirilgan, qancha qismi import qilinadi? Bu bo‘yicha ham hech qanday ma’lumot berilmagan.

Kompaniya, shuningdek, Chevrolet brendining Koreya uchun mo‘ljallangan saytida narxlar “soliqlarsiz, sof shaklda” ko‘rsatilgani, buni ko‘rgan muallif “marketing hiylasiga duch kelgani”ni iddao qilgan. Ta’kidlash kerak, saytdagi narxlar taxminiy xarakterga ega ekani yozilgan bo‘lsa-da, soliqlarni o‘z ichiga olmagani haqida biror izoh ko‘rsatilmagan. Bu esa o‘z navbatida UzAuto Motors'ning da’vosi ham tekshirilishi lozimligini ko‘rsatadi.

Ta’kidlash kerakki, UzAuto Motors Koreyadan Malibu import qilayotganida QQS va utilizatsiya yig‘imi to‘lashini bildirgan, biroq import bojiga to‘xtalmagan. Bu – mazkur monopol korxona yashirin hujjatlar orqali avtomobil importi bojidan ozod qilinganini tasdiqlaydi.

Shu tariqa, “mahalliy avtogigant”ga berilgan eksklyuziv imtiyozlardan oddiy iste’molchilar mahrumligicha qolmoqda. Jahon bozorida qulayligi jihatidan Chevrolet Malibu bilan raqobat qila oladigan, narxi ham yaqin bo‘lgan boshqa avtomashinalar talaygina, lekin ularni olib kirmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar juda katta moddiy va byurokratik to‘siqlarga duch keladi.

Kun.uz muxbiri yuqoridagi masalalar bo‘yicha UzAuto Motors matbuot xizmatiga bundan 3 kun oldin qator savollar bilan murojaat qildi, biroq hozirga qadar javob bo‘lgani yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 1 yanvardan boshlab narxi 40 ming dollardan yuqori bo‘lgan xorijiy avtomobillar uchun import boji bekor qilingan edi, lekin 2020 yil 1 yanvardan bu bojlar qayta tiklandi. Aynan 2020 yil yanvaridan boshlab UzAuto Motors xorijdan Trailblazer, Equinox, Traverse va Tahoe avtomobillarini olib kelib sota boshlagan edi.

2022 yil fevral oyida prezident Shavkat Mirziyoyev avtomobillarni ko‘proq ichki bozorga yo‘naltirish topshirig‘ini bergandi. Shuningdek, 1 mayga qadar avtomobil xarididagi navbatlarni to‘liq bartaraf etish vazifasi ham yuklatilgandi. Ammo bugungi kunga kelib, navbatlar soni qariyb 98 mingtani tashkil etmoqda.

Mavzuga oid