AQSh: Eronliklar Rossiyaga Ukrainaga dronlar bilan hujum qilishda yordam bergan
Vashingtonning fikricha, Rossiya Qurolli kuchlari Ukraina hududiga uchuvchisiz uchoqlardan zarbalar bergan paytda, Eron harbiylari Qrimda bo‘lgan va ruslarga texnik yordam ko‘rsatgan.
Eronlik ekspertlar, ehtimol, Rossiya armiyasiga Ukraina hududiga uchuvchisiz uchoqlardan zarbalar berishda texnik yordam ko‘rsatgan. Bu haqda 20 oktyabr, payshanba kuni AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili Jon Kirbi ma’lum qildi. «Bizning hisob-kitoblarga ko‘ra, Eron harbiylari Qrimda bo‘lgan va Rossiyaga ushbu operatsiyalarni o‘tkazishda yordam bergan», — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiryapti Reuters.
Vashingtonning fikricha, Eron rus harbiylarini Eron uchuvchisiz uchoqlari bilan ishlashga o‘rgatish va ularga texnik yordam ko‘rsatish uchun «nisbatan oz sonli» mutaxassislarni yuborgan. Shu bilan birga, Ukrainaga hujumlar paytida dronlarni aynan ruslar boshqargan, deya ta’kidladi Kirbi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya allaqachon Erondan «o‘nlab» jangovar dronlarni olgan va bu yetkazib berish davom etishi mumkin. Kirbi, shuningdek, Moskva Ukrainaga qarshi urushda foydalanish uchun Tehrondan boshqa qurollar, masalan, yer-yer sinfidagi raketalarni olishi mumkinligidan xavotir bildirdi.
Eron kamikadze-dronlari raketalar bilan birga Rossiya Qurolli kuchlari tomonidan 10 oktyabrdan beri Ukraina hududiga yirik zarbalar berishda foydalanilmoqda. 18 oktyabr kuni Reuters agentligi Tehrondagi manbalariga tayanib, Eron Rossiyaga ko‘proq uchuvchisiz uchoqlar, shuningdek, yer-yer sinfidagi raketalar yetkazib berishni va’da qilgani haqida xabar berdi.
Ayni paytda, Ukraina Isroildan Eron dronlarining hujumlarini qaytarish imkonini beruvchi havo hujumidan mudofaa tizimlarini so‘radi. Biroq kuzatuvchilarning fikricha, Tel-Avivda 1 noyabrda Isroilda bo‘lib o‘tadigan navbatdan tashqari parlament saylovlaridan so‘ng yangi hukumat tuzilishidan oldin bunday qaror qabul qilinishi dargumon.
Mavzuga oid
19:41 / 11.10.2024
Eron Saudiya Arabistoni va Fors ko‘rfazidagi boshqa neft obektlariga hujum uyushtirish bilan tahdid qildi
18:31 / 11.10.2024
Shavkat Mirziyoyev Eron prezidenti bilan uchrashdi
19:33 / 09.10.2024
Eron Isroil bilan mojaroda Rossiyaning yordamiga umid qilishi mumkinmi?
22:07 / 07.10.2024