Jahon | 16:10 / 03.11.2022
10072
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya razvedkasi: Rossiya kuniga 40 dan ortiq zirhli mashinasidan ayrilmoqda va Belarusdagi zaxiralardan foydalanmoqda

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya oktabr oyida Ukraina bilan bo‘lgan janglarda har kuni 40 tagacha zirhli texnikasini yo‘qotgan va natijada Belarus tanklari va piyoda jangovar mashinalari zaxiralariga murojaat qilgan.

Foto: TASS

Oktabr oyi o‘rtalarida rus zirhli texnikasining yo‘qotilishi kuniga 40 donaga yetdi va rus qo‘mondonligi Belarus armiyasining zaxiralaridan kamida yuzta tank va piyoda jangovar mashinalarni (PJM) oldi. Bu haqda 3 noyabr, payshanba kuni Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushning kunlik sarhisobini chop etib, ma’lum qildi.

Britaniya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, rus qo‘shinlari taktikasida zirhli bo‘linmalar va artilleriya «markaziy o‘rinni egallaydi» va hozirda Rossiya armiyasi o‘q-dorilarni topishda ham, ishlamay qolgan texnikani almashtirishda ham qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda.

Vazirlikka ko‘ra, rus askarlari eski PJMlardan foydalanishga majbur: jangchilar bundan hafsalasi pir bo‘lgan va ularni konserva banka deb atayapti. Bir necha hafta oldin Londonda Rossiya armiyasining texnika va o‘q-dorilari tugab borayotgani qayd etilgan edi.

Oktabr oyida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan ittifoqchi kuchlarning mintaqaviy guruhini joylashtirishga kelishib olganini e’lon qilgan edi. Bir necha kundan so‘ng, Belarusda «Kiyevdan aniq tahdid» fonida terrorizm tahdidining kuchayishi rejimi joriy etildi. Yevroparlament Lukashenkoni Rossiya agressiyasining to‘laqonli sherigi deb hisoblaydi. Ukraina harbiylari belaruslarga murojaat qilib, jangovar harakatlarda qatnashmaslikka chaqirdi. 

Mavzuga oid