Jahon | 15:11 / 06.11.2022
35372
13 daqiqa o‘qiladi

Namoyishlar, referendum va saylov. Qozog‘istonda Nazarboyev epoxasi qanday tugatildi?

Photograph: Pavel Mikheyev/Reuters

Qozog‘iston davlatini salkam o‘ttiz yil boshqargan Nursulton Nazarboyev 2019 yil martida (vafot etmasdan turib) hokimiyatni Qosim-Jo‘mart To‘qayevga topshirdi. Lekin mamlakat boshqaruvidagi rolini yo‘qotmadi. To‘qayev avvalboshda Elboshi siyosatini deyarli og‘ishmasdan davom ettirdi. Biroq 2022 yil yanvar oyida yuz bergan voqealar To‘qayev va Qozog‘iston siyosatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Mamlakat islohotlar yo‘liga qadam qo‘ydi va Elboshi epoxasi ustunlari birma-bir yo‘q qilina boshlandi. 20 noyabr kuni bo‘lib o‘tuvchi prezident saylovlari bu kampaniyaning mantiqiy yakuni bo‘ladi.

Nazarboyev obro‘siga keskin zarba bergan tartibsizliklar

Nursulton Nazarboyev 2019 yil 19 martda o‘z iste’fosini e’lon qilgandi. Uning o‘rnini Konstitutsiya bo‘yicha Senat raisi bo‘lgan Qosim-Jo‘mart To‘qayev egalladi. Nazarboyev esa mamlakat Xavfsizlik kengashi raisi bo‘ldi va o‘zining Elboshi maqomini saqlab qoldi.

To‘qayevning prezident sifatidagi ilk qarori poytaxt Ostona nomini sobiq prezident sharafiga Nur-Sultonga o‘zgartirish bo‘ldi. Keyingi yillarda ham To‘qayev Nazarboyev siyosatini davom ettirdi. Nazarboyevning davlat ishlaridagi ta’siri sezilib turdi. Deyarli barcha Qozog‘istonda hokimiyat almashinuvi muvaffaqiyatli kechgani, Nazarboyev prezidentlikdan ketsa-da, o‘z hokimiyatini saqlab qolganini qayd etdi.

Biroq 2022 yanvarida yonilg‘i narxlari oshirilishiga qarshi boshlangan namoyishlar barchasini o‘zgartirib yubordi. «Qonli yanvar» deb nom olgan yanvardagi tartibsizliklar Qozog‘istonda kuchli rezonans uyg‘otdi. Namoyishchilar mamlakatdagi korrupsiya, nepotizm (qarindosh-urug‘chilik), byurokratiya va boshqa bir necha o‘n yillik muammolarni hamda prezidentlikdan ketsa ham, hokimiyatdan ketmayotgan Elboshi rejimini to‘liq tugatishni talab qildi.

Qozog‘istonni yanvar oyi boshida yonilg‘i uchun narxlar oshishi ortidan boshlangan norozilik namoyishlari qamrab olgandi. Foto: Reuters

Qozog‘iston xalqi Nazarboyev epoxasidagi uning qarindoshlari, oligarxlar, poraxo‘r amaldorlardan charchagan, tizimli muammolarning hal qilinmay kelayotganidan norozi edi. Ular bu muammolar sababchisi sifatida Nazarboyev ko‘rilardi.

Butun mamlakat bo‘ylab Elboshi haykallari qulatildi yoki ziyon yetkazildi. Namoyishlar tartibsizliklarga aylanib ketdi. Shaharlarda talonchilik avj oldi. Nazarboyev va uning oilasining mamlakatdan qochib ketgani haqida xabarlar tarqaldi. Sarosimaga tushgan To‘qayev Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) kuchlarini chaqirdi.

6 yanvar kuni boshlangan KXShT (Rossiya, Qirg‘iziston, Armaniston, Belarus, Tojikiston) operatsiyasi Qozog‘istondagi muhim obektlarni qo‘riqlashi, namoyishlarni tarqatishda ishtirok etmasligi aytildi. 14 yanvarda, vaziyat nazoratga olingach, KXShT kuchlari mamlakatni tark etdi.

Yanvar voqealari Qozog‘istondagi siyosiy muvozanatni butkul o‘zgartirib yubordi. Ko‘pchilik buni Qozog‘iston siyosiy elitasidagi kurash deb ham atadi. Mutlaq boshqaruv va erkinlikka erishishni istagan To‘qayev ushbu namoyishlar orqali bunga erishdi.

U elitadagi Nazarboyev tarafdorlarini siqib chiqara boshladi, birinchi navbatda Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbariyati hibsga olindi. Nazarboyevning qarindoshlariga qarshi kampaniya boshlandi.

Nazarboyevning o‘zi esa Xavfsizlik qo‘mitasi raisi lavozimidan ketdi va endilikda oddiy nafaqaxo‘r ekanligini aytdi.

To‘qayev ommaviy chiqishlar qilib, mamlakatda yonilg‘i narxi ko‘tarilmasligiga, shuningdek korrupsiya va nepotizmga qarshi kurashishga va’da berdi.

To‘qayev islohotlari va Nazarboyev merosiga zarba

Mamlakatni qariyb 30 yil boshqargan Nursulton Nazarboyev 2019 yil 19 martida hokimiyatni o‘z vorisi Qosim-Jo‘mart To‘qayevga o‘tkazgandi.

Yanvardagi tartibsizliklardan so‘ng To‘qayev Qozog‘iston super-prezidentlik respublikasidan parlament respublikasiga aylanishi, prezident partiya ishlariga aralashmasligi, uning qarindoshlariga davlat lavozimlarini egallash taqiqlanishi kabi islohotlarni e’lon qildi.

To‘qayev Nazarboyev davrida aholining juda boy qismi shakllangani, ular o‘z boyligini xalq bilan bo‘lishishi vaqti kelganini ma’lum qildi. U davlat xizmatlarida «tozalash» o‘tkazib, ko‘plab mansabdorlarini ishdan bo‘shatdi.

Bular bilan cheklanmagan To‘qayev Qozog‘iston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha ish boshladi. Bu borada xalq referendumi o‘tkazilib, konstitutsiyaga jami 56 ta o‘zgartirish kiritildi.

2022 yil 5 iyunda bo‘lib o‘tgan bu referendum orqali qabul qilingan asosiy o‘zgarishlar sifatida o‘lim jazosi taqiqlangani (bungacha moratoriy ostida edi), davlat xizmatchilariga partiyaga a’zolik cheklanishi, prezidentlik muddati yetti yil etib belgilanib, bir kishi ketma-ket bir martdan ko‘p muddatga saylanishi mumkin emasligi, prezidentning viloyat, shahar, tuman hokimlari qarorlarini bekor qilish imkoniyatidan mahrum qilinishi, prezident ushbu lavozimlarga kamida ikki nafar nomzod taklif qilishi va uni mahalliy deputatlar bilan kelishishi kerakligi, parlamentning quyi palatasi aralash majoritar-proporsional tizimda saylanishini ko‘rsatish mumkin.

Bundan tashqari, parlament mavqeyini mustahkamlagandek ko‘rinuvchi, amalda prezident vakolatlariga ta’sir qilmagan o‘zgartirishlar ham kiritildi.

Referendumning eng asosiy jihatlaridan biri, Konstitutsiyadan sobiq prezidentga doir moddalarning chiqarib tashlanganidir.

Xususan, 46-moddadan quyidagi band chiqarib tashlandi: «Qozog‘iston birinchi prezidentining maqomi va vakolatlari respublika Konstitutsiyasi va konstitutsiyaviy qonunlari bilan belgilanadi». Shuningdek, 91-moddadan birinchi prezident mustaqil Qozog‘istonning asoschisi ekanligi va uning Elboshi (millat yetakchisi) maqomi o‘zgarmasligi haqidagi qoidalar olib tashlandi.

Shu bilan birga, bosh qomusdan birinchi prezident va uning oila a’zolari daxlsizligi haqidagi bandlar ham chiqarildi. To‘qayevning ushbu referendumi Nazarboyev va uning oilasi siyosiy qudratiga keskin zarba berdi.

17 sentabrda esa To‘qayev o‘zining prezident sifatidagi ilk qarorini bekor qildi va Qozog‘iston poytaxti nomini Nur-Sultondan yana Ostonaga qaytardi. 22 sentabr kuni har yili 1 dekabrda nishonlanuvchi Birinchi prezident kuni davlat bayramlari ro‘yxatidan chiqarildi. Shu tariqa, mamlakatdagi eng mashhur Elboshi meroslari tugatildi.

26 sentabrda Nazarboyevning ancha kuchli qarindoshlaridan biri, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi general-mayori Qayrat Sotibolduliga sud tomonidan davlat mablag‘larini o‘zlashtirish aybi qo‘yildi hamda mol-mulki davlat hisobiga musodara qilinib, 6 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Nazarboyev qarindoshlari ustidan yangidan yangi sud jarayonlari tashkil qilish hali ham davom etmoqda.

Prezidentlik saylovi Nazarboyev davriga so‘nggi nuqtami?

To‘qayev hamon barcha qozog‘istonliklar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmaydi, ammo siyosiy maydonda uni almashtiradigan boshqa kuch yo‘q. Foto: AFP

Mutaxassislar «Nazarboyev davri» deb uning davridagi umumiy siyosiy manzara qabul qilinsa, demak navbatdagi prezidentlik saylovi butunlay yangi Qozog‘iston debochasi bo‘lmaydi deya aytmoqda. Chunki To‘qayev islohotlari mamlakatdagi demokratik institutlarni kuchaytirishni ko‘zlasa-da, davlatdagi kuchli super-prezidentlik respublikasi tizimiga deyarli ta’sir o‘tkazmaydi. To‘qayev prezident sifatida hali ham katta vakolatlarga ega.

Jumladan, Qozog‘iston prezidenti qurolli kuchlar oliy bosh qo‘mondonligi, parlamentni tarqatib yuborish, hukumat a’zolari va oliy sudyalarni tayinlash hamda ishdan bo‘shatish kabi eng muhim vakolatlarni o‘zida saqlab qoldi.

Yangi saylov To‘qayev muddatini «nollashtirish» uchun ham o‘tkazilmoqda. U uch yildan beri Qozog‘istonni boshqaryapti, yangi yetti yillikka saylanish To‘qayevga kamida o‘n yil prezidentlik qilish huquqini beradi. Shuningdek, konstitutsiyada «ketma-ket ikki marta saylanish taqiqlanadi» so‘zi ishlatilgan bo‘lib, bu Rossiyadagi Putin va Medvedev rokirovkasi kabi saylanishni cheklamasligi mumkin.

Ekspertlar iyundagi referendumni Nazarboyev merosiga zarba berishdan tashqari, prezident saylovi oldidan o‘tkazilgan «repetitsiya» sifatida baholadi. Bu orqali bo‘lajak prezidentlik saylovida To‘qayevning imkoniyati tekshirildi.

Hozir ham To‘qayev Qozog‘istonda katta qo‘llab-quvvatlovga ega emas. Ayniqsa, uning rus tilining rolini Qozog‘istonda qayta tiklash haqidagi bayonoti qozoq jamiyatida jiddiy norozilikka sabab bo‘ldi. Qozog‘istonliklar hali ham to‘liq demokratik saylovlar o‘tkazilmayotganidan norozi, qolaversa, ular To‘qayevni mamlakatga chet el kuchlarini (KXShT) chaqirgan inson sifatida ko‘radi.

Shu sabab, saylovdan oldin ba’zi profilaktik choralar ko‘rildi. Masalan, Qozog‘istonning amaldagi qonunchiligiga ko‘ra, Qozog‘iston prezidentligiga nomzodini qo‘yish uchun nomzod so‘nggi besh yil davomida davlat xizmatida ishlagan bo‘lishi va mamlakatda 15 yil yashagan bo‘lishi talab qilinadi. Bu qoida saylovda fuqarolik sektori yoki muxolifat nomzodlarning ishtirok etishini jiddiy cheklaydi, chunki faqat davlat ishida ishlagan insonlargina prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘yishi mumkin. Bu prezidentlikka saylanuvchi inson baribir davlat organlariga aloqador bo‘lishi kerakligini anglatadi.

Bu jihatlardan To‘qayev Nazarboyev davridagi siyosiy-ijtimoiy muhitdan ko‘p ham farq qilmaydigan muhit yaratayotganini ko‘rish mumkin.

Namoyishlar 2022 yil 2 yanvar kuni Janao‘zenda (Qozog‘iston g‘arbidagi Mang‘istau oblastidagi shahar) siqilgan gaz narxi qimmatlashishi tufayli boshlangan, ko‘p o‘tmay Aqtau va butun mamlakat bo‘ylab tarqalgandi. Foto: Getty Images

Agar Nazarboyev davri tugashi sifatida Elboshi qarindoshlari va tarafdorlarining butkul mag‘lubiyatga uchrashi hamda siyosiy maydondan ketishi hisobga olinsa, bu borada navbatdagi saylov haqiqatdan Nazarboyev epoxasi yakuni bo‘ladi.

Elboshi hozirgacha To‘qayev bilan kurashga kirishmayotgani uning xalq tomonidan ham yoqlanmayotgani bilan bog‘liq. Hozirda Qozog‘iston jamiyatida Nazarboyevni qo‘llovchi elektorat juda kam.

Biroq, Nazarboyevning qarindoshlari, xususan qizi Darig‘a Nazarboyevada yirik moliyaviy qudrat va OAV vositalari bor. Bu vosita orqali Nazarboyev(a)lar To‘qayevga qarshi kampaniyalar uyushtirishi, amaldagi prezidentning sobiq faoliyatiga oid ma’lumotlarni boshqacha ko‘rinishda e’lon qilishi mumkin. Lekin hozircha ular bu ishni qilgani yo‘q.

Nazarboyev esa sobiq prezident sifatida deyarli barcha huquqlaridan mahrum bo‘ldi va davlat ishlaridan butunlay siqib chiqarildi.

Yangi saylovlar To‘qayevning hokimiyatini legallashtirish uchun ham kerak. Chunki, 2019 yil yozidagi saylovlar norozilik va shubhali hisoblashlar bilan o‘tkazilgandi. O‘shanda, saylovdan so‘ng «To‘qayev mening prezidentim emas» shiori ommalashgandi. Ko‘pchilik qozog‘istonliklar saylov haqqoniy o‘tmaganini da’vo qilgan edi.

Bundan tashqari, To‘qayev u payti uncha mashhur bo‘lmay, Nazarboyevning sodiq odami sifatida ko‘rilardi. Saylovda ham u Nazarboyev tarafdorlari yordamidan foydalandi.

Hozir esa u jiddiy elektoratga ega bo‘ldi. U bilan raqobatlasha oladigan nomzodlar ham deyarli yo‘q. To‘qayev bu safar saylovda Nazarboyevdan mustaqil kadr sifatida qatnashishi hamda shaffof va qonuniy o‘tgan saylovlar orqali saylanganini aytishi mumkin. Referendum natijalari mamlakatda prezidentni qo‘llash uchun yetarli tarafdorlar borligini ko‘rsatdi. To‘qayev reja bo‘yicha, nihoyat, shubhali saylovsiz, xalq tanlagan prezidentga aylanadi va yanada jiddiyroq harakatlar qilish imkoniga ega bo‘ladi. Jumladan, Nazarboyev tarafdorlarini uzil-kesil yo‘q qilish va o‘zining yangi tizimini shakllantirish kabi.

Bu jihatdan o‘ttiz yillik Nazarboyev epoxasi o‘z yakuniga yetdi.

Muhammadqodir Sobirov tayyorladi

Mavzuga oid