Jahon | 14:42 / 08.11.2022
30736
6 daqiqa o‘qiladi

Ukrainlarning Donetskka HIMARS bilan zarba berishi, Kiyevda harbiy o‘ljalar sotilayotgan do‘kon. Urush suratlari

Urushning 257-kunidagi asosiy ma’lumotlar:

  • Amerikaning Maxar kompaniyasi sun’iy yo‘ldosh tasvirlari asosida Mariupol yaqinida 1500 dan ortiq yangi qabrlarni aniqladi (urush boshidan buyon ekspertlar shahar va uning atrofida harbiy harakatlar chog‘ida halok bo‘lgan 4600 dan ortiq kishi qabrini aniqlagandi).
  • Rossiya tomoni Ukraina qurolli kuchlari «Donetsk temiryo‘llari» ma’muriyati binosini o‘qqa tutganini ma’lum qildi, jabrlanganlar haqida xabar berilmagan.
  • Vladimir Putin safarbar qilinganlarning 80 mingdan ortig‘i frontga yuborilganini ma’lum qildi, ulardan 50 mingdan ortig‘i harbiy harakatlarda ishtirok etishni boshlagan.
  • Xerson oblastining annexia qilingan qismiga Rossiya tomonidan tayinlangan ma’muriyat «Dneprning o‘ng sohilidan fuqarolarni evakuatsiya qilish jarayoni yakunlangani»ni ma’lum qildi.
  • Primore o‘lkasi gubernatori Oleg Kojyemyako Tinch okeani floti dengiz piyodalari 155-alohida gvardiya brigadasi Ukrainada katta yo‘qotishlarga uchragani haqidagi xabarga munosabat bildirib, prokuraturadan bu ma’lumotni tekshirishni so‘radi. Rossiya mudofaa vazirligi 155-brigadaning Ukrainadagi yo‘qotishlari xabarlarda aytilganidek katta emasligini ma’lum qildi.
  • Ukraina razvedkasi Rossiya urush davomida zamonaviy raketalari zaxirasining 80 foizini sarflab yuborganini xabar qildi.
  • Ukrainaga Norvegiya va Amerika hamkorligida ishlab chiqarilgan NASAMS zenit-raketa komplekslari va ispanlarning Aspide tizimlari yetib keldi.

Quyida 7 noyabr kuni Ukrainaning turli hududlarida olingan suratlar.

Donetsk temiryo‘llari ofisiga zarba

«Donetsk temiryo‘llari» ma’muriyati tungi zarbalar oqibatida yong‘in kelib chiqqanini ma’lum qildi. Rossiya ta’siridagi ma’muriyatning tasdiqlashicha, Ukraina qurolli kuchlari binoga HIMARS tizimi orqali kamida beshta snaryad bilan zarba bergan. Jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘q. Ukraina hodisa yuzasidan izoh bermadi.
Nikolay Trishin / TASS
«Donetsk temiryo‘llari» ofisi hududini tozalayotgan munitsipal ishchilar
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA
Balkonida Rossiya bayrog‘i ilingan donetsklik
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA
«Donetsk temiryo‘llari» ma’muriyati binosi ustida ko‘tarilgan tutun. Istilochi hukumatga ko‘ra, HIMARS snaryadlarining kamida ikkitasi to‘g‘ridan to‘g‘ri binoga kelib urilgan — devorga va tomga.
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA

Limanda turar joy binosiga hujum

 

O‘t o‘chiruvchilar 7 noyabr kuni Rossiya tomonidan berilgan zarbalar kelib tushgan to‘qqiz qavatli turar joy binosida ishlashmoqda. Rossiya istilosidan ozod etilgan Liman bir oydan oshiq vaqt davomida Ukraina nazoratida qolmoqda — Donetsk oblastidagi ushbu shahar atrofida janglar davom etmoqda.
Andriy Andriyenko / AP / Scanpix / LETA

 

Zarba oqibatida uyning bir burchagi butunlay vayron bo‘lgan —  birinchidan sakkizinchi qavatgacha. Qutqaruvchilar birinchi qavatdan bir ayolni olib chiqishgan, qurbonlar va jabrlanuvchilar haqida ma’lumot yo‘q.
Andriy Andriyenko / AP / Scanpix / LETA

Front chizig‘idagi Avdeyevkadagi kundalik hayot 

Otishmalar oqibatida shikastlangan ko‘p qavatli uy. Avdeyevka — Donetsk oblastida Rossiya qo‘shini hujum qilayotgan shaharlardan biri. Rossiyaliklar ushbu shaharni egallash uchun uni doimiy ravishda o‘qqa tutmoqda. 12 oktyabr kuni RF armiyasi shahar markaziy bozoriga zarbalar berishi oqibatida 7 kishi halok bo‘lgandi.
Oleksandr Ratushniak / Reuters / Scanpix / LETA
Avdeyevkalik kishi velosipediga xoda ortmoqda, keyin uni maydalab, o‘tin qiladi. Shaharda suv, tok va gaz yo‘q, urushga qadar 30 mingdan ortiq kishi yashagan shaharda, Ukraina milliy politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, 1500 kishi qolgan.
Oleksandr Ratushniak / Reuters / Scanpix / LETA
Suv to‘ldirilgan idishlar bilan qaytayotgan avdeyevkalik kishi.
Oleksandr Ratushniak / Reuters / Scanpix / LETA
Avdeyevkadagi kimyo zavodining ko‘rinishi, uning hududi urush boshidan buyon bir necha bor Rossiya tomonidan zarbaga uchragan. Harbiy harakatlar yaqinida qolgani uchun zavod faoliyati to‘xtatilgan.
Oleksandr Ratushniak / Reuters / Scanpix / LETA
Avdeyevkada yashovchi ayol yerosti boshpanasida.
Oleksandr Ratushniak / Reuters / Scanpix / LETA

Kiyevda urushdagi o‘ljalar sotilayotgan do‘kon 

Kiyevdagi Ex Team do‘konida avval faol sport turlari uchun jihozlar sotilgan. Rossiya bosqini boshlangach bu yerda Ukraina armiyasi tomonidan o‘lja sifatida qo‘lga kiritilgan buyumlarni ham xarid qilish mumkin. Ularning sotuvidan tushgan pullar Ukraina qurolli kuchlarida xizmat qilayotganlar uchun harbiy texnikalar sotib olishga yo‘naltiriladi.
Oleg Petrasyuk / EPA / Scanpix / LETA
Tankka qarshi granatomyotlarning bo‘sh trubalari
Oleg Petrasyuk / EPA / Scanpix / LETA
Sotuvchi rossiyalik harbiy formasini ko‘rsatmoqda
Oleg Petrasyuk / EPA / Scanpix / LETA

Mavzuga oid