Ispaniyaning Valensiya shahrida O‘zbekiston faxriy konsulxonasi ochildi
O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchixonasi tashabbusi bilan joriy yil 11 noyabr kuni Ispaniyaning Valensiya shahridagi Ipak muzeyi binosida O‘zbekistonning Valensiyadagi faxriy konsulxonasi ochilishiga bag‘ishlangan rasmiy marosim bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.
Tadbirning rasmiy ochilishi O‘zbekiston va Ispaniyaning davlat madhiyalari sadolari bilan boshlandi. So‘ngra Arte Mayor de la Seda ipak san’ati instituti prezidenti Gonsalo Ordunya, institut jamg‘armasi rahbari Visente Xenoves, Valensiya shahri kengashi turizm bo‘yicha maslahatchisi Emiliano Garsiya, O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi Jahongir G‘aniyev va mamlakatning Valensiyadagi faxriy konsuli Xose Mariya Chikiyo va boshqalar nutq so‘zlashdi.
So‘zga chiqqan Xose Mariya Chikiyo O‘zbekistonning Valensiyadagi faxriy konsuli etib tayinlangani o‘zi uchun katta sharaf ekani hamda ushbu lavozimni mamnuniyat bilan qabul qilishini qayd etdi. “Men bunga katta ishtiyoq va ayni paytda Valensiya hamjamiyatida ushbu mamlakat vakili bo‘lish uchun jiddiy mas’uliyat bilan qarayman. Menga bildirilgan ishonchni oqlashga umid qilaman”, - dedi u.
Uning so‘ziga ko‘ra, faxriy konsul sifatidagi vazifasi Valensiyadagi O‘zbekiston fuqarolariga xizmat ko‘rsatish, ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga ko‘maklashishdan iborat bo‘ladi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot tashkil etildi. Yig‘ilganlar o‘zbek xalqi noyob tarixiy-madaniy merosi va an’analari, mamlakat sayyohlik salohiyati bilan yaqindan tanishtirildi. Mamlakatda turizm salohiyatini rivojlantirish, YuNeSKO Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan ko‘plab noyob me’moriy yodgorliklarni rekonstruksiya va restavratsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.
O‘zbekistonning Valensiya shahridagi faxriy konsulxonasi Calle Antonio Suarez, N 31, 1°, 3-C, 46021 Valencia manzilida joylashgan.
Mavzuga oid
15:59 / 03.11.2024
Ispaniyada asrning eng vayronkor toshqini. To‘rt kun o‘tib yana nimalar ma’lum?
22:11 / 02.11.2024
Ispaniyada suv toshqinlari: yana 10 ming kishi tabiiy ofat yuz bergan hududga yuboriladi
17:54 / 31.10.2024
Ispaniyadagi suv toshqini oqibatlari - fotosuratlar
10:28 / 10.09.2024