Polsha O‘zbekistonda dori vositalari ishlab chiqaruvchi korxonalar ochmoqchi
O‘zbekiston elchixonasida Polshaning Adamed Group kompaniyasi direktori Katarina Dubno bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».
Unda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va kompaniyaning O‘zbekiston farmatsevtika bozoriga yanada faol kirishi bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Joriy yil oktabr oyida Toshkent shahrida ushbu kompaniyaning to‘laqonli vakolatxonasi ochildi. Ofis faoliyati mutaxassislar tayyorlash, O‘zbekistondagi tibbiyot muassasalarini maxsus jihozlar bilan ta’minlash, farmatsevtika sanoatida texnologik innovatsiyalarni qo‘llash, farmatsevtika va tibbiy xizmatlar integratsiyasini rag‘batlantirish, Polshada mutaxassislar tayyorlash uchun grantlar ajratish bilan bog‘liq loyihalarni ilgari surishga yo‘naltiriladi.
Adamed Group O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlari savdosini oshirishni rejalashtirmoqda. O‘zbek bozori tahlili asosida O‘zbekistonda dori vositalari ishlab chiqaruvchi korxonalarni ochish masalasi kun tartibida turibdi.
Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston elchisi Bahrom Boboyev Toshkent tibbiyot akademiyasi (TTA) bilan avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish borasidagi muvaffaqiyatlarni bildirdi. Adamed Group TTA negizida talabalar uchun dori vositalari ishlab chiqarish, biotexnologiya va farmatsevtika sohasida innovatsiya tadqiqotlari, nou-xauni joriy etish bo‘yicha simulyatsiya o‘quv laboratoriyasini qurishga kirishdi.
Katarina Dubno O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash asosiy vazifalaridan biri bo‘lajak tibbiyot mutaxassislarini tayyorlash ekanini qayd etgani barobarida Polsha kompaniyasi bunda ko‘mak berish niyatida ekanini tasdiqladi.
Mavzuga oid
14:32
Pokiston O‘zbekistonda "biotexnologik" dori vositalarini ishlab chiqarishi mumkin
12:30 / 10.10.2024
Dorilarning postmarketing nazorati o‘tkaziladi
14:00 / 04.10.2024
To‘rt hududda kuchli dori vositalari savdosi fosh etildi
13:30 / 17.09.2024