Jahon | 22:51 / 17.11.2022
44000
5 daqiqa o‘qiladi

Qorovulning prezident qizi

“Men o‘zim kambag‘allikda hayot kechirdim va yashash uchun kurash qanchalik qiyinligini juda yaxshi bilaman”.

Foto: Reuters

Ilm – najot! Uni egallagan odam kam bo‘lmagan, kam bo‘lmaydi ham. Oddiy qorovulning qizi Halima Yoqub ham ilmi ortidan bugun rivojlangan mamlakatlardan – Singapurning prezidenti.

Halimaning otasi Yoqub hind musulmoni bo‘lib, qorovullik qilib kun kechirgan. Onasi esa malay millatiga mansub bo‘lgan. Halima 8 yoshligida otasi yurak xurujidan vafot etadi. Qorovullik ortidan haminqadar o‘tib turgan ro‘zg‘orlarini tebratish qiyin bo‘lib qoladi.

Onasi besh farzandini boqish uchun ko‘chada taom sotib kun ko‘ra boshlaydi. Halima onasiga bu ishda ko‘maklashadi.

Halima Yoqub o‘zining yoshlik yillari haqida shunday deydi: “O‘n yoshimdan boshlab, maktabdan bo‘sh vaqtlarimda onamga yordamlashishga majbur bo‘lganman, stollarni artish, idishlarni yuvish, tozalash, kelganlarga xizmat ko‘rsatish kabi ishlarni yaxshi uddalay olganman.

Men o‘zim kambag‘allikda hayot kechirdim va yashash uchun kurash qanchalik qiyinligini juda yaxshi bilaman”.

Foto: Reuters

Halima ikkinchi sinfda ko‘p dars qoldirgani sababli maktabdan haydalishiga bir baxya qolgan, lekin onasiga yordam berishdan to‘xtamagan, o‘qish va ishni teng olib borishning uddasidan chiqqan.

Yo‘qchilik sabab maktabga borishda qiyinchiliklarga uchragan bo‘lsa-da, qizaloq o‘qishga uquvli chiqdi. U fanlarni juda yaxshi o‘zlashtiradi va maktabni imtiyoz bilan tamomlaydi.

Keyin u Singapur universitetiga kirib, 1978 yilda huquqshunoslik bo‘yicha tahsil oladi. 47 yoshida, ya’ni 2001 yilda Singapur Milliy universitetida huquq magistri darajasini oladi. U 2016 yil 7 iyulda bu universitetning faxriy huquq doktori unvoniga sazovor bo‘ldi.

Qahramonimiz mehnat faoliyatini Milliy Kasaba uyushmalari kongressida huquqshunos sifatida boshlagan. Tizimdagi namunali faoliyati ortidan, ayollarni rivojlantirish kotibiyati va uyushma yuridik xizmatlarining turli yo‘nalishlari bo‘yicha direktori bo‘ldi. U Xalqaro mehnat tashkilotining boshqaruv organiga saylangan birinchi singapurlik edi.

Halima turli kengashlarda, shu jumladan Singapur Uy-joy va taraqqiyot kengashi, Adolatli bandlik amaliyotlari bo‘yicha uch tomonlama ittifoq, Ayollar uchun bandlikni tanlash imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha uch tomonlama ishchi guruhi, Ijtimoiy xizmatlar milliy kengashi kabilarda ishlagan.

Ilk siyosiy debyuti 2001 yildagi saylovlarga to‘g‘ri keldi, o‘shanda u Jurong regioni kengashi a’zoligi saylangan. Siyosiy faoliyati davomida keyinroq jamiyatni rivojlantirish, yoshlar va sport vaziri, keyin esa ijtimoiy va oilani rivojlantirish vaziri etib tayinlangan.

Foto: Reuters

2013 yilda u Singapur parlamenti spikeri bo‘lgan birinchi ayol edi. To‘rt yildan so‘ng, 2017 yil sentabr oyida u Singapurning birinchi ayol prezidenti bo‘ldi. (Eslatib o‘tamiz, parlamentar respublikalarga xos ravishda Singapurda ham ijro hokimiyatini asosan bosh vazir nazorat qiladi, prezident vakolatlari esa ancha cheklangan).

Prezident sifatida u ayollar huquqlarini himoyalash, jamiyatdagi birlikni qo‘llab-quvvatlash, dinlararo munosabatlarni mustahkamlash bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surdi.

Ishchi, ona sifatida va kasaba uyushmasida tajribaga ega bo‘lgan Halima Yoqub ayollar va ishchilar manfaatlarini himoya qildi. Bosh vazir Li Syan Lung Halima Yoqub haqida shunday deydi: “Bizga insoniy tuyg‘ular bilan samarali siyosatni shakllantirishga yordam berdi”. U hukmron Xalq harakati partiyasida eng uzoq muddat xizmat qilgan musulmon ayol siyosatchidir.

Siyosatchi keksa va past malakali ishchilarni tayyorlashdan tortib, keksalar va ruhiy kasallarga g‘amxo‘rlik qilishgacha bo‘lgan ijtimoiy masalalarda faol. U ish va hayot muvozanatini yaxshilash uchun moslashuvchan ish tartibini va oilaviy parvarish ta’tilini qo‘llab-quvvatlaydi. U, shuningdek, ayol davlat xizmatchilari uchun teng tibbiy imtiyozlar borasida kurashadi.

Ayni paytda 68 yoshda bo‘lgan Halima Yoqub karera bilan bir qatorda, oilaviy hayotini ham yaxshi izga solgan. Talabalik davrida Muhammad Abdulla Al Hashbi ismli insonga turmushga chiqqan va bugungi kunda ular besh farzandning ota-onasi.

Mavzuga oid