Jahon | 19:30 / 21.11.2022
10676
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda 30 mln tengedan ortiq naqd pulni uyda saqlash taqiqlandi

Umumiy deklaratsiya topshirish jarayoni qoidalariga ko‘ra, qozog‘istonliklar uyida oylik hisob-kitob ko‘rsatkichining (OHK) 10 ming baravaridan ortgan mablag‘ni bank hisobvaraqlarida saqlashi shart.

Foto: Tengrinews.kz/Turar Kazangapov

2023 yil 1 yanvardan Qozog‘istonda umumiy deklaratsiya topshirish jarayonining ikkinchi bosqichi boshlanadi.

Uning doirasida davlat va kvazi-davlat sektori xodimlari, ularning turmush o‘rtog‘i birinchi marta mol-mulk va majburiyatlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani topshiradi.

«Deklaratsiyada Qozog‘istondan tashqaridagi mol-mulk va aktivlar, yuridik shaxslarning ustav kapitalidagi ulush, investitsiya oltini, qimmatli qog‘ozlar va boshqalar aks ettiriladi.

Shuningdek, naqd pul ham ko‘rsatiladi, bunda uning miqdori oylik hisob-kitob ko‘rsatkichining (OHK) 10 ming baravaridan oshmasligi lozim. Bugungi kunda bu 30 million 630 ming tenge (qariyb 66 ming $). Ortiqcha qiymat 2023 yil 31 dekabriga qadar bank hisobvaraqlariga joylashtirilishi shart», deyiladi Davlat daromadlari departamenti xabarida.

Qozog‘istonda umumiy daromadlar va mulk deklaratsiyasini topshirish jarayoni 2021 yilda boshlangan.

Birinchi bosqichda, 2021 yil 1 yanvardan boshlab davlat xizmatchilari va ularning turmush o‘rtog‘i deklaratsiya topshirgan.

Ikkinchi bosqichda 2023 yil 1 yanvardan boshlab davlat korxonalari (jumladan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport sohalari) xodimlari va ularning turmush o‘rtog‘i deklaratsiya topshiradi.

Uchinchi bosqichda, 2024 yil 1 yanvardan boshlab – yuridik shaxslarning rahbarlari va ta’sischilari hamda ularning turmush o‘rtog‘i, yakka tartibdagi tadbirkorlar va ularning turmush o‘rtog‘i.

To‘rtinchi bosqichda, 2025 yil 1 yanvardan aholining qolgan toifalari.

Deklaratsiyani 15 iyuldan kechiktirmay — qog‘ozda, 15 sentabrdan kechiktirmay - elektron shaklda topshirish mumkin.

Mavzuga oid