Jahon | 19:02 / 01.12.2022
25491
3 daqiqa o‘qiladi

IShID o‘z yetakchisi o‘limi haqida xabar berdi

IShID jangarilari o‘z yetakchisi Abu al-Hasan al-Qurayshiyning o‘limi haqida xabar berdi.

Foto: Reuters

Guruh vakili guruhga aloqador telegram-kanalda al-Qurayshiy «Xudoning dushmanlari» bilan bo‘lgan jangda halok bo‘lgani haqida audioxabar qoldirgan, ammo boshqa tafsilotlar keltirilmagan. Guruh yetakchisi 45 yoshda edi.

IShID guruhi Abu Al-Husayn Al-Husayniy Al-Qurayshiy guruhning yangi yetakchisi saylanganini xabar qilgan. U haqda ko‘p narsa ma’lum emas.

AQSh ham IShID yetakchisi «Ozod Suriya armiyasi» tomonidan o‘tkazilgan operatsiya davomida yo‘q qilinganini tasdiqladi. 

«Oktyabr oyi o‘rtalarida Abu al-Hasan al-Hoshimiy al-Qurayshiyning o‘limi IShIDga navbatdagi zarba bo‘ldi. Bu operatsiya Suriyaning Deraa viloyatida «Ozod Suriya armiyasi» tomonidan amalga oshirildi», — deyiladi Markaziy qo‘mondonligi matbuot xizmati xabarida.

«Ozod Suriya armiyasi» 2011 yil yozida Suriya prezidenti Bashar Asad hukumatiga qarshi bo‘lgan Suriya armiyasi zobitlari guruhi tomonidan tuzilgan. Hozir bu guruh kichik mahalliy tashkilotlardan iborat va yagona qo‘mondonlik markaziga ega emas. Guruh AQSh va Saudiya Arabistoni tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi va ham jangarilarga, ham Asad kuchlariga qarshi kurashib keladi.

Pentagon bayonotiga ko‘ra, bu amaliyotda Amerika qo‘shinlari ishtirok etmagan.

AQSh prezidenti ma’muriyati rasmiysi Jon Kirbi IShID yetakchisi o‘limi haqidagi xabarni olqishlagan.

Abu al-Hasan Al-Qurayshiy joriy yil martida IShID yetakchisiga aylangandi, o‘shanda Suriya shimoli-sharqida guruhning undan oldingi rahbari yo‘q qilingandi.

Abu al-Hasan Al-Qurayshiy. Foto: Central Asia

IShID terrorchilik guruhi o‘z vaqtida Iroq sharqi va Suriya g‘arbida jami 88 ming kvadrat kilometr maydonda xalifalik o‘rnatgandi. Bu terrorchilar nazoratidagi hududlarda sakkiz millionga yaqin kishi yashagan.

2017-2018 yillarda IShID kuchlari avvaliga Iroqda, keyin Suriyada jang maydonlarida tor-mor etildi. Ammo guruh turli hududlarda amalga oshirilgan terrorchilik xurujlari uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olib kelmoqda, xususan, Afg‘oniston shimolidagi Qunduz shahrida shialar masjidida sodir etilgan portlash uchun ham. Bu hujum oqibatida kamida 50 kishi halok bo‘lgandi va bu Amerika qo‘shinlari mamlakatdan olib chiqilganidan keyin ro‘y bergan eng qonli teraktga aylandi.

Mavzuga oid