Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashdi
Uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 yanvar kuni Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida ishtirok etgan Ozarboyjon Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jayxun Bayramovni qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston-Ozarboyjon strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zaro savdoning oshib borayotgani, avtomobillar ishlab chiqarish, paxta-to‘qimachilik va ipakchilik klasterlarini tashkil etish borasidagi kooperatsiya loyihalarining borishi mamnuniyat bilan qayd etildi. Xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, shu jumladan Turkiy davlatlar tashkiloti, Qo‘shilmaslik harakati, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuv va tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev 24 yanvar kuni IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashi tadbirlari doirasida Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovni qabul qildi.
Uchrashuvda Turkmaniston prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi va O‘zbekiston prezidentining Turkmanistonga rasmiy tashrifi davomida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish jihatlari muhokama qilindi.
O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, iqtisodiyot, savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport va logistika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Mavzuga oid
14:26
BMT sudi: Armaniston va Ozarboyjonning da’volari bizning yurisdiksiyamizda
17:29 / 12.11.2024
Mirziyoyev BMT miqyosida Daryo ekotizimlarining butunligi deklaratsiyasini tuzishga chaqirdi
23:45 / 11.11.2024
Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Boku shahriga bordi
22:20 / 08.11.2024